(Bishkek shahri, Qirgʻiziston Respublikasi, 2019-yil 14-iyun)
Muhtaram Sooronbay Sharipovich!
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Sharipovich Jeenbekovga yana bir bor samimiy qabul uchun minnatdorlik izhor qilmoqchiman.
Zamonaviy xalqaro munosabatlar tub oʻzgarishlar davriniboshdan kechirmoqda.
Bir tomondan, dunyoda yangi axborot-texnologiya tartiblari shakllanmoqda.
Ilmiy-texnikaviy taraqqiyot innovatsion rivojlanish uchun noyob imkoniyatlar yaratib bermoqda.
Boshqa tomondan, yirik davlatlar oʻrtasidagi manfaatlar kurashi kuchayib, jahon bozorida raqobat keskinlashmoqda. Demografik va ekologik nomuvozanatlilik kuchayib, oziq-ovqat va suv xavfsizligi bilan bogʻliq muammolar jiddiy tus olmoqda.
Bularning barchasi terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, transchegaraviy uyushgan jinoyatchilik va qurolli nizolar sharoitida sodir boʻlmoqda.
Bugungi kunda biz uchun:
– xavfsizlikni taʼminlashda kelishilgan siyosatni yuritish;
– davlatlarimiz barqaror taraqqiyoti va ravnaqi uchun qulay sharoitlar shakllantirish muhim.
SHHT roli va mavqeini yanada mustahkamlash bizning“Shanxay ruhi” hamda tashkilot tamoyil va qadriyatlariga nechogʻli amal qilishimizga bogʻliq boʻladi.
Yaqinda Pekinda “Bir makon, bir yoʻl” forumi muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Ertaga Dushanbeda Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashning sammiti boʻlib oʻtadi.
SHHT bilan bir qatorda bu muloqot maydonlari barchamiz uchun umumiy sheriklik makonini shakllantiradi.
Bu mintaqamizda zamonaviy taraqqiyotning eng muhim masalalari boʻyicha yondashuvlarni moslashtirishga xizmat qiladi.
Hurmatli yigʻilish ishtirokchilari!
Bizning fikrimizcha, Markaziy Osiyo bundan keyin ham SHHTning ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib qolishi zarur.
Bugungi kunda mintaqamiz nisbatan barqaror, ishonchli va iqtisodiy jihatdan mustahkam boʻlib bormoqda.
Bu keng miqyosli hamkorlik, muhim mintaqaviy loyihalarni ilgari surish uchun qulay sharoit va noyob imkoniyatlar yaratadi.
Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston temir yoʻli qurilishi shular jumlasidan. Bu oʻzaro savdoni rivojlantirish va mamlakatlarimizga investitsiyalar oqimini oshirishga kuchli turtki berishi shubhasiz.
Shu bilan birga, mintaqa barqarorligi koʻp jihatdan Afgʻonistondagi vaziyat bilan belgilanadi. Oʻzbekiston afgʻon muammosini tinch yoʻl bilan hal etish jarayonini toʻliq qoʻllab-quvvatlaydi.
Bugun qabul qilinayotgan “SHHT – Afgʻoniston” Muloqot guruhining harakatlariga doir “Yoʻl xaritasi”, shuningdek, ushbu mamlakatni ustuvor infratuzilma loyihalarini ilgari surish orqali mintaqaviy hamkorlikka jalb qilish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, biz global tus olgan va millionlab insonlar hayoti, Markaziy Osiyo mamlakatlarining ekologik farovonligi va iqtisodiy taraqqiyotiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan Orol inqirozi oqibatlarini bartaraf etish uchun saʼy-harakatlarni birlashtirish tarafdorimiz.
Mazkur muammoni hal etish uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeʼligidagi Orolboʻyi mintaqasi uchun koʻp sheriklik Trast fondi tashkil etildi.
Bu yerda Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi yaratish boʻyicha yaqin hamkorlik qilish niyatidamiz.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
SHHT doirasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga oid takliflarim bilan oʻrtoqlashmoqchiman.
Birinchi. Hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha quyidagi muhim hujjatlarni ishlab chiqishni taklif qilamiz:
– Oʻzaro aloqalar, samarali iqtisodiy va transport yoʻlaklarini rivojlantirish boʻyicha SHHT Hamkorlik strategiyasi;
– “Aqlli” qishloq xoʻjaligi va agroinnovatsiyalarni joriy etish sohasida oʻzaro hamkorlik konsepsiyasi.
Ikkinchi. Mamlakatlarimizda zamonaviy resurs tejovchi va ekologik toza texnologiyalarni keng joriy etish maqsadida SHHTning “Yashil belbogʻ” dasturini qabul qilish dolzarb ahamiyatga ega, deb hisoblaymiz.
Uchinchi. Axborot texnologiyalari rivojlanishiga masʼul idoralar rahbarlarining muntazam uchrashuvlari mexanizmini joriy etish, shuningdek, kiberxavfsizlik masalalari boʻyicha oʻzaro hamkorlik dasturini ishlab chiqishni taklif qilamiz.
Toʻrtinchi. Mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi aloqalarni faollashtirish maqsadida SHHTning Iqtisodiy forumini muntazam oʻtkazish tarafdorimiz. Ilk forumni Samarqand shahrida oʻtkazishga tayyormiz.
Beshinchi. SHHT doirasida parlamentlararo muloqotni tiklashga doir tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlaymiz. Ushbu yangi mexanizm Tashkilot imkoniyatlarini kengaytirib, faoliyatimizga parlamentariylar, siyosiy partiyalar va fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilish imkonini beradi.
Oltinchi. SHHT shahar va mintaqalarining tarixiy-madaniy merosini ommalashtirish va turistik salohiyatini yanada toʻliq namoyon etish muhim, deb hisoblaymiz.
Yana bir yaxshi anʼanaga asos solishni taklif qilamiz: har yili Tashkilotda raislik qiluvchi mamlakatdagi shaharlardan birini SHHT sayyohlik va madaniy poytaxti, deb eʼlon qilish.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Yana bir bor muhtaram Sooronbay Sharipovichga mehmondoʻstlik va Sammitni yuksak darajada tashkil etgani uchun minnatdorlik bildiraman.
Muhtaram Vladimir Vladimirovichga Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik qilishda chin koʻngildan muvaffaqiyatlar tilayman.
Eʼtiboringiz uchun rahmat!