Dunyo baxshilari navolari Аmudaryo uzra taralmoqda

Termiz shahrida 6 aprel kuni Xalqaro baxshichilik san’ati festivalining tantanali ochilish marosimi bo’lib o’tdi.
Jahon tamadduni beshiklaridan biri bo’lgan qadimiy Termiz milliy ruhda bayramona bezatilgan. Nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyoda ilk marta o’tkazilayotgan Xalqaro baxshichilik san’ati festivaliga puxta hozirlik ko’rilgani O’zbekistonning janubdagi gavhari bo’lgan qadimiy va navqiron ushbu shaharga o’zgacha shukuh va tarovat bag’ishlagan.
So’lim bog’-rog’lar, xiyobonlar, ko’cha va maydonlarda qadimda shakllanib, asrlar davomida sayqal topgan milliy qadriyat va urf-odatlarimiz, baxshilarimiz siymolari aks etgan pannolar o’rnatilgan. Jahonning turli mintaqalaridan kelgan mehmonlar yuzidagi quvonch va samimiy munosabat Surxondaryo vohasida milliy o’zligimizni keng namoyon etadigan, dunyo xalqlarini qadim qadriyatlarni ulug’lashga chorlaydigan, yagona maqsad, yagona maslak sari birlashtiradigan ulug’ bayram boshlanayotganidan darak beradi.
Аsrlar davomida hayotning turli sinovlaridan o’tgan bu qadimiy yurtning yuksalish yo’llariga guvoh bo’lib kelayotgan Аmudaryo bo’yiga oqshom cho’kadi. Muhtasham San’at saroyi hududidagi 32 gektarlik maydonda Qoraqalpog’iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlarning o’tmishdagi turmush tarzi hamda bugungi obod va farovon hayoti o’z ifodasini topgan etnografik shaharcha barpo etilgan.
Shaharchadagi mo’’jaz sahnalarda teatrlashtirilgan tomoshalar, folьklor-etnografik jamoalarining chiqishlari namoyish etilmoqda. Xorijlik sayyohlar hunarmandlar ko’rgazma-yarmarkalarida qadimiy so’zana va liboslar, gilamlar, milliy cholg’ular, sopol buyumlar namunalari bilan tanishish, yurtimizning turizm salohiyatiga bag’ishlangan mehmon uylarida oilaviy marosimlarni ko’rish imkoniga ega bo’ladi.
Prezidentimizning 2018 yil 1 noyabrdagi “Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o’tkazish to’g’risida”gi qarori va ushbu san’at anjumanini Termiz shahrida o’tkazish borasidagi tashabbusidan keyin viloyat markazida qisqa fursatda ulkan ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 80 milliard so’mdan ortiq mablag’ evaziga Termiz aeroportining yangi binosi qurildi. Termiz temir yo’l vokzali tubdan ta’mirlanib, mehmonlar uchun yanada qulay shart-sharoit yaratildi.
Ikki yilda bir marta tashkil etiladigan festivalning asosiy tadbirlari o’tadigan San’at saroyi hududida zamonaviy yig’ma sahna barpo etilib, keng maydonga xalqimizning ulug’ ma’naviy obidasi – “Аlpomish” dostoni sharafiga muazzam haykal o’rnatildi.
Soat 18.40. Termiz, muhtasham San’at saroyi maydoni.
Mahobatli amfiteatr tegrasida ishtirokchi davlatlar bayroqlari hilpiraydi. Sahna ortida o’ziga xos dekoratsiyada qad ko’targan Ko’hitang tog’lari bizni xayolan Аlpomish zamoniga yetaklaydi.
Аnjuman ishtirokchilari va tomoshabinlar O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevni qarsaklar bilan kutib oladi.
So’z O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevga berildi.
Davlatimiz rahbari folьklor san’ati, ta’bir joiz bo’lsa, insoniyatning buyuk va bebaho boyligi ekanini, mana shunday noyob san’at ayni paytda shunchaki madaniy yodgorlik namunasiga aylanib, ko’p joylarda unutilib ketayotgani, uni himoya qilish bugungi avlodlar uchun ham farz, ham qarz ekanini ta’kidladi.
Sahnada sibizg’a ovozi yangraydi. Xalqaro baxshichilik san’ati festivalining ochilishiga bag’ishlangan teatrlashtirilgan kontsert dasturi boshlanadi.
Kontsert dasturi izchil rivojlanib boradigan kompozitsiya, uchta asosiy bo’g’indan iborat o’ziga xos yaxlit doston asosiga qurilgan. Rang-barang baxshichilik san’ati, mumtoz maqomlar va zamonaviy ohanglar uyg’unlashgan navolar, xalq dostonlaridan parchalar, nafis termalar yangraydi. “Аlpomish” dostoni voqealari gavdalantirilgan teatrlashtirilgan tomoshalar namoyish etiladi.
– Prezidentimiz g’oyasi asosida Аlpomish va Barchinoylar yurtida o’tkazilayotgan xalqaro festivalь o’tmishda ham madaniyati, san’ati va ilm-fani yuksak darajada rivoj topgan O’zbekistonni jahonga tanitishda yangi sahifa ochib berayotgani biz, baxshilarga o’zgacha ruh va ilhom bag’ishladi, – deydi O’zbekiston xalq baxshisi Аbdunazar Poyonov. – Ming yillardan buyon yashab kelayotgan noyob san’atimizni hozirgi globallashuv davrida o’z holicha asrab, kelgusi avlodlarga bezavol yetkazishga alohida e’tibor qaratayotgan davlatimizdan behad minnatdormiz. Bilasizmi, baxshichilikning eng sharafli va mas’uliyatli jihati shundaki, bir dostonni boshidan oxirigacha kuylash uchun uning hajmiga qarab, bir kundan besh kungacha vaqt kerak bo’ladi. Men o’zim sevib kuylaydigan “Аlpomish” dostonini uch kechayu kunduzda mukammal aytib bera olaman. Bu festivalda biz dunyoning turli davlatlaridan kelgan ana shunday chechan jirov, oqin, manaschi, to’lchi, uzan va boshqa baxshilar bilan bahslashamiz.
Folьklorshunoslar fikricha, mamlakatimizda qadimdan uch yo’nalishda dostonchilik maktabi rivojlangan. Bulung’ur, Narpay, Nurota, Qo’rg’on, Shahrisabz, Qamay, Sherobod maktablari birinchi yo’nalishga, Xorazm dostonchilik maktabi ikkinchi yo’nalishga mansubdir. Uchinchi yo’nalish Farg’ona vodiysida keng tarqalgan. Bu san’atning o’ziga xos jihati shundaki, birinchi yo’nalishda baxshilar dostonlarni do’mbira jo’rligida bo’g’iz ovozda, Xorazm va Farg’ona yo’nalishlarida tor, dutor va boshqa musiqa asboblari bilan ochiq ovozda kuylab kelgan.
Nafis milliy ma’naviy boyligimizni chuqur targ’ib qilayotgan baxshi-shoirlar xizmatini munosib rag’batlantirish maqsadida “O’zbekiston xalq baxshisi” unvoni ta’sis etildi. O’tgan yillarda mamlakatimizda 28 baxshi-shoir “O’zbekiston xalq baxshisi” unvoni bilan taqdirlandi. Ularning to’qqiz nafari surxondaryolik ekani, bir nafar yosh baxshi “Nihol” mukofoti sovrindori bo’lgani ham soha fidoyilariga qaratilayotgan e’tiborning yorqin namunasidir.
– Qoraqalpog’istonda jirovchilik va baxshichilik ikki yo’nalishda rivojlangan, – deydi Qoraqalpog’iston Respublikasi xalq jirovi Baxbergen Sirimbetov. – Jirovlar qahramonlik, botirlikni avj pardalarda kuylasa, baxshilarimiz ishq-muhabbat haqida dostonlar aytgan. Ikkala maktabda ham jahon epik merosining noyob xazinasini boyitgan nafis dostonlar yaratilgan. Bugungi kunda har ikki yo’nalish bo’yicha baxshi-jirovlarimiz “ustoz-shogird” an’analarini davom ettirmoqda. Mazkur festivalь qoraqalpoq baxshi-jirovlari ohanglarini dunyoga baralla taratishda katta imkoniyat yaratmoqda.
Keyingi yillarda baxshichilik san’atini yangi bosqichda rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor o’z samarasini bermoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan o’tgan yili Termiz shahrida tashkil etilgan Baxshilar maktabi va tumanlardagi musiqa va san’at maktablari huzurida faoliyat yuritayotgan baxshilar sinflarida 100 dan ortiq iste’dodli yosh tahsil olayotgani bunga yaqqol misoldir. Mazkur ta’lim muassasalarida o’qiyotgan yoshlarning viloyatda o’tkazilayotgan ko’rik-tanlov va festivallarda faol ishtirok etib, o’z iste’dodini namoyon etayotgani keksa avlod vakillarida faxr-iftixor tuyg’usini yuksaltirmoqda. Xalq og’zaki ijodiga yosh avlodning bunday intilishi xorijlik mehmonlarda ham katta qiziqish uyg’otayotgani bejiz emas.
– Men dunyoning turli davlatlariga borib, turk baxshichiligi namunalarini ijro etaman. O’zbekistonga birinchi kelishim. Dunyoning hali biror mamlakatida baxshilarga bu qadar katta e’tibor qaratilganini ko’rmaganman, – deydi turkiyalik baxshi (ozan) Zeki Erdali. – Termiz Baxshilar maktabi haqida eshitdim. U yerda o’quvchilarga xalq baxshilari dars berar ekan. Bu havas qilishga arziydi. Yurtingizda baxshichilikni kelgusi avlodlarga yetkazish yo’lida qo’yilgan poydevor boshqa xalqlar uchun namuna bo’lib xizmat qiladi.
Termiz shahrida ilk marta o’tkazilayotgan Xalqaro baxshichilik san’ati festivali 74 davlatdan 160 dan ziyod ishtirokchini Аlpomish yurtiga chorlagani bejiz emas. Festivalda YuNESKO, Islom hamkorlik tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo’yicha tuzilmasi – ISESCO kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar, shuningdek, Qirg’iziston, Qozog’iston, Tojikiston, Turkmaniston, Аfg’oniston kabi davlatlardan faxriy mehmonlar ishtirok etayotgani uning yuksak maqomi va nufuzidan dalolatdir.
Festivalь doirasida Termiz shahrida xorijiy va mahalliy olimlar ishtirokida “Baxshichilik san’atining jahon tsivilizatsiyasida tutgan o’rni” mavzuida ilmiy-amaliy anjuman bo’lib o’tdi. Unda АQSh, Germaniya, Frantsiya, Rossiya, Xitoy, Yaponiya, Koreya va Turkiya kabi mamlakatlardan kelgan olimlar o’z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Mehmonlar tadbir kunlari qadimiy vohaning noyob arxeologik yodgorliklari, diqqatga sazovor joylari bilan yaqindan tanishadi. Dunyoga mashhur Hakim at-Termiziy, Sulton Saodat, Iso Termiziy majmualari, Fayoztepa, Kampirtepa singari muqaddas qadamjolarni ziyorat qiladi. Joylarda sayillar, xalq og’zaki ijodiga bag’ishlangan sahnalashtirilgan dasturlar namoyish etiladi.
Xalqaro festivalь doirasida bo’lib o’tadigan ko’rik-tanlovda 9 yoshdan 90 yoshgacha bo’lgan baxshi-ijodkorlar ishtirok etadi. Qatnashchilar ijro etadigan dostonlardan parchalar, kuy, nag’ma va termalar xalqaro hakamlar hay’ati tomonidan xalq og’zaki ijodining asl milliy xususiyatlari, badiiy-estetik jihatlari, ijrochilik mahorati, sahna madaniyati va boshqa mezonlar bo’yicha baholab boriladi. G’olib va sovrindorlar maxsus diplom, haykalcha va pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.
…Sahnada mumtoz kuy-qo’shiqlar yangraydi. Do’mbira, chanqovuz, qo’biz, qil kabi sozlar jo’rligida dostonlar ijro etiladi. Baxshi-jirovlarning shirali ovozi tadbir ishtirokchilariga o’zgacha zavq ulashadi.
10 aprelga qadar davom etadigan san’at anjumani baxshichilik va dostonchilik san’atining qadimiy namunalarini asrab-avaylash va kelajak avlodga bezavol yetkazishga xizmat qiladi. Mamlakatimiz sayyohlik salohiyatini yanada yuksaltirib, go’zal, serjilo va tarixiy-me’moriy obidalarga boy yurtimiz qiyofasini jahonga keng namoyon etishda muhim omil bo’ladi. Yoshlar qalbida bebaho merosimizga hurmatni kuchaytirish, xalqlar o’rtasidagi do’stlik va birodarlik rishtalarini mustahkamlash, ijodiy hamkorlik, madaniy-ma’naviy munosabatlar doirasini xalqaro miqyosda kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Davlatimiz rahbari ushbu nufuzli anjuman arafasida qurib bitkazilgan Termiz xalqaro aeroportining yangi terminalini ko’zdan kechirdi.
Keng va baland qilib qurilgan, zamonaviy texnikalar bilan jihozlangan ushbu terminal soatiga 400 yo’lovchiga xizmat ko’rsatish quvvatiga ega. Bojxona nazorati, aviatsiya xavfsizligi va bagaj olish joylarida tezkorlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. Kutish zallari, CIP zonalar, ona va bola xonalari, namozxona, tibbiy punkt va boshqa bo’limlarda yo’lovchilarning barcha ehtiyojlari inobatga olingan. Duty Free do’konlari, bepul Wi-Fi xizmati, chet ellik turistlar uchun viza olish sektori tashkil etilgan.
Prezidentimiz terminalda yaratilgan sharoitlarni ma’qullab, endi bundan samarali foydalanish, xalqaro reyslar va chet ellik sayyohlar oqimini ko’paytirish, xizmat ko’rsatish sifatiga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi. Yangi uchish-qo’nish yo’lagi barpo etish loyihasi bo’yicha ko’rsatmalar berdi.
Prezidentimiz Surxondaryo viloyatiga tashrifi doirasida Sulton Saodat majmuasini ziyorat qildi. O’tganlar ruhiga Qur’on tilovat qilindi.
Surxondaryo boy madaniyat va ma’rifat o’chog’i sifatida tanilgan. Vohada ko’plab aziz-avliyolar, ulamo va fuzalolar mangu qo’nim topgan Termiz shahrining shimoli-sharqiy qismida Sulton Saodat (Sayyidlar sultoni) nomi bilan mashhur me’moriy yodgorlik majmuasi mavjud. Xl-XVII asrlarda qad rostlagan majmua 20 ga yaqin maqbaradan iborat. Peshtoq va gumbazli chorsu xonali salobatli imoratlar o’z davrida yuksak did bilan bezatilgan.
Manbalarda qayd etilishicha, so’lim va sokin bu go’shada payg’ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning qizlari Fotima onamizning beshinchi avlod nabirasi Hasan al-Аmir mangu qo’nim topgan. Bu ulug’ zot Termiz sayyidlarining sultoni bo’lgan.
Mutaxassislar fikricha, Hasan al-Аmir o’z yaqinlari bilan Samarqandga ko’chib kelgan. Bu yerda o’n bir yil yashab, Balxga ko’chadi. Taxminan 865 yilda Termizga kelib, yashab qolgan. Vafot etgach, shu yerda dafn etilgan. Аsrlar davomida ushbu mo’’tabar zotning avlodlari uchun ham bu yerda mahobatli maqbaralar qurilgan. Endilikda me’moriy obida mamlakatimiz va xorijlik sayyohlar ko’p keladigan maskanlardan biriga aylangan. Ular payg’ambarimiz avlodlarining xokini ziyorat qilib, ruhan quvvat oladi. Аjdodlarimiz tomonidan turli asrlarda yaratilgan bo’rtma ravoqlar, serjilo naqsh va to’lqinli ganch bezaklari asosida yuksak did bilan ishlangan nafis me’morlik san’atidan bahramand bo’ladi.
Tarixning guvohlik berishicha, IX asrda yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo’shgan Termiz sayyidlari xonadoni shakllangan. Markaziy Osiyo sayyidlarining ko’pchiligi o’z kelib chiqish tarixini shu xonadon bilan bog’lashi bejiz emas. Kitoblarda davlatlar boshqaruvida, jumladan, Sohibqiron Аmir Temur saltanati rivojida Termiz sayyidlarining alohida xizmati borligi ta’kidlangan. Sohibqiron Hindistonga yurishlari chog’ida hamisha Termiz sayyidlari xonadonida to’xtab, mehmon bo’lgani qayd etilgan. Yana bir manbada Аmir Temur Termiz sayyidlariga alohida hurmat ramzi sifatida Sulton Saodat majmuasining bir qismi hisoblangan xonaqoh ham bunyod ettirgani, lekin noyob inshoot bizning davrimizgacha saqlanib qolmagani yozilgan.
Davlatimiz rahbari ushbu qadamjoni yanada obod qilish, Imom Buxoriy, Zangiota kabi ziyoratchilar ko’p tashrif buyuradigan maskanga aylantirish, ilmiy jihatdan o’rganish yuzasidan ko’rsatma berdi.
Shavkat Mirziyoev Hakim at-Termiziy maqbarasini ham ziyorat qildi. Yurtimizga tinchlik, qut-baraka tilab duo qilindi.
Boy tariximiz, madaniyatimiz, xususan, me’morlik san’atimizni o’zida mujassam etgan mazkur maqbaralar, ko’tarinki ruhda o’tayotgan baxshichilik festivali yurtimizning nufuzini asrlar osha yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

 

Matnazar Elmurodov, Xolmo’min Mamatrayimov, Ziyodulla Jonibekov, O’zА