O‘zbekiston Prezidenti AQSh Prezidenti maslahatchisi o‘rinbosarini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-noyabr kuni “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzuidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan nufuzli delegatsiyaga boshchilik qilayotgan AQSh Prezidenti maslahatchisi o‘rinbosari, Milliy xavfsizlik kengashining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha katta direktori Liza Kyortisni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, hozirgi vaqtda O‘zbekiston – Amerika muloqoti amaliy hamkorlik ruhida barqaror rivojlanib borayotganini qayd etdi. Sentabr oyida O‘zbekiston delegatsiyasining AQShga safari hamda AQSh Prezidenti Donald Tramp va Amerika biznes doiralari vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar yakunlari tomonlarning o‘zaro hamkorlikni, avvalo, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalardagi aloqalarni amaliy jihatdan kengaytirish va mustahkamlash bo‘yicha intilishlari qat’iy ekanini namoyish qildi.

usa mas.jpg

Qayd etilganidek, qator muhim xalqaro muammolar yechimi, global xavf va tahdidlarga qarshi kurashish masalalariga yondashuvlarning mos va mushtarak ekani ushbu dolzarb yo‘nalishlardagi o‘zaro hamkorlikni sezilarli ravishda mustahkamlash imkonini bermoqda.

Uchrashuvda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash maqsadida Afg‘oniston va butun mintaqadagi vaziyat bo‘yicha fikr almashildi.

Tomonlar Markaziy Osiyo teng huquqli va o‘zaro hamkorlik hududi bo‘lib qolishidan manfaatdor ekanini ta’kidladi. Shu ma’noda, O‘zbekiston rahbariyatining yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini kengaytirish va mintaqa mamlakatlari o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslari va amaliy qadamlari muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Liza Kyortis AQSh rahbariyati O‘zbekistonning mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashda tutgan o‘rnini yuksak qadrlashini ta’kidladi. Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekiston bilan uzoq istiqbolga mo‘ljallangan munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.

 

Sarvar O‘rmonov (surat), O‘zA