Qora uy – qoraqalpoq xalqining o‘tmishidan so‘ylaydi

Info-tur ishtirokchilari qora uy yasash jarayoni bilan tanishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatiga tashkil etilgan info-tur doirasida tadbir ishtirokchilari qora uy yasash jarayoni bilan tanishdi
Qoraqalpoq o‘lkasini ko‘z oldida keltirgan kishining xayolida ushbu maskanning o‘tovlari, ya’ni qora uy gavdalanadi.
Yurtimizda ham Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan xalq sayllarida ana shunday milliylikni, tarixni aks etgan qora uylar tiklanadi. Bu bejiz emas albatta.
photo5210675236159204371.jpg
O‘tov qurish, uni bezatish bilan bog‘liq ko‘nikmalarga ega bo‘lganlar oramizda kam uchraydi.
Qora uy haqida ko‘p eshitgandirsiz, kinolarda ko‘rgandirsiz, ammo bu uyda bo‘lish, dam olish, bir piyola choy ichish gashtini his qilmaganlar ko‘pchilikni tashkil qilsa kerak.
Qora uy qoraqalpoq xalqining o‘ziga xos milliy qadriyatlaridan biri hisoblanadi. Qora uy o‘zining qurilishi, o‘zgacha ko‘rinishi bilan boshqa xalqlar o‘tovidan ajralib turadi. O‘tovlarda qoraqalpoq xalqining aql-zakovati, necha asrlik hayot tarzi yashab kelmoqda.
Bugun bunday o‘tovlardan hududning turistik salohiyatini oshirishda ham keng foydalanilmoqda.
Bugungi kunda Ayozqal’a, Tuproqqal’a yoki Mo‘ynoqda va hatto Orol dengizi bo‘ylarida tikilgan o‘tovlar xorijiy sayyohlarda o‘ziga xos taassurot qoldiradigan maskanlarga aylangan.
photo5210675236159204372.jpg
Mazkur o‘tovni tiklash ham o‘ziga xos mehnat talab etadi. O‘tov tiklashda ishlatiladigan ashyolar tayyorlaydigan ustalarni “uychi” deyishadi. Hudud ustalarining ta’kidlashicha, qora uyni tiklashda har qanday yog‘ochdan ham foydalanib bo‘lmaydi. O‘tov yasash qoraqalpoq xalqiga ota meros.
O‘tov, umuman, u bilan bog‘liq urf-udumlar qoraqalpoqlarning ajdodlaridan meros qadim qadriyatlaridan sanaladi. Xalq orasida uning “qora uy”, “oq o‘tov”, “bo‘z o‘tov”, “bo‘z o‘rda” kabi nomlari ham bo‘lib, olti, sakkiz, o‘n ikki qanotlilari mavjud.
O‘tov chidamli, egiluvchan toldan ishlanadi. Qora uy 3 bosqichda ishlanadi – dastlab, kerege (yog‘och panjara), undan so‘ng shaniroq (qora uyning tom qismi), so‘nggi bosqich uviq (tirgak) deb yuritiladi.
Ushbu qismlarni tayyor holga keltirish ancha murakkab jarayon bo‘lib, quritilgan yog‘och birmuncha vaqt suvda saqlanadi. Keyin yana quritiladi, qobig‘i archiladi va kerakli yo‘g‘onlikka keltiriladi. So‘ng yana suvga solib, maxsus pech mo‘risiga qo‘yiladi.
photo5210675236159204373.jpg
Loydan ishlanadigan ushbu mo‘rining bo‘yi 180, eni 90-100 santimetr bo‘ladi. Pechdagi tutun ta’siri bilan yog‘och yumshaydi va oson egiladi. Uviqlar uzunligi 2 metrdan ziyodroq yog‘ochdan tayyorlanib, “tez” deb nomlangan maxsus uskunada egiladi.
“Qora uy” ning yuqori qismi chang‘aroq deb atalib, u toldan egik doira shaklida tayyorlanadi. Aylanasi 8-9, qalinligi esa bir qarichni tashkil etadi. Mahalliy aholi uni “qasqoq” deb ataydi. Chang‘aroq qasqoqining ustki qismiga toldan tayyorlangan tayoqlar gumbaz shaklida egilib, chang‘aroq teparog‘idan o‘yilgan birinchi qator teshiklariga joylanadi. Tayoqlar xoch shaklida kesilib, o‘rta qismi tuya yoki ho‘kiz terisidan tayyorlangan tasma bilan bog‘lanadi. Chang‘aroqning asosi bo‘ylab “chang‘aroq solma” deb nomlangan qizil ip aylantiriladi.
Bosh qismida ip bog‘lanadigan teshigi bo‘lib, uchi tig‘li keladi. Qora uyning yog‘och panjarasi ham “tez”ga solish bilan egiladi, panjara bilan tirgak egilgandan keyin “ko‘klash” boshlanadi. “Ko‘klash”da asosan teletin ipdan (teletin – loshlangan qora mol terisidan tayyorlangan ip) foydalaniladi. Teletin ip bilan yog‘och panjara bir-biriga biriktiriladi, uchlari tugiladi. Panjara ko‘klash orqali cho‘ziladi va yig‘iladi.
photo5210675236159204374.jpg
Shaniroq – qora uyning eng muhim qismi bo‘lib, u gumbazsimon doiradan iborat. Shaniroqning o‘rtasiga egilib ishlangan ikki qatorli yarim doira yog‘och “to‘g‘in” deyiladi.
Qora uyning yana bir qismi erganak, ya’ni eshik deb yuritiladi. Uni boshqa usta ishlaydi. Erganak o‘yma naqshlar bilan bezaladi va qizil rangga bo‘yaladi.
Qora uyning 6, 8, 12 qanotli turlari bor. 5 qanotli uylar kam uchraydi. Odatda, 6 qanot uylar yosh oilalar uchun maxsus tikilgan. 8 qanotli uylar esa oiladagilar soni ko‘payganidan so‘ng tikilgan.
Eng yirik – 12 qanotli uy qishloq tashqarisidagi “Maslahat tepa”ga tikilib, unda og‘alar, ya’ni biylar va beklar el-yurt taqdiri bilan bog‘liq muhim masalalarni hal qilish uchun yig‘ilgan. Qora uy bezak buyumlarining barchasi qo‘lda ishlangan, ya’ni o‘rmakda to‘qilgan. Kigiz asosan qo‘y, arqon esa tuya junidan tayyorlangan.
photo5210675236159204375.jpg
Qora uyga naqshli bezaklariga qarab oq o‘tov, bo‘z o‘tov deb ta’rif berilgan. Qora uyning o‘rtasida to‘rt qirrali o‘choq o‘rnatilib, tutuni uy tuynugidan chiqib ketadi. Uy ichida qarshin – ko‘rpa-to‘shak ostiga qo‘yiladigan va ichiga narsa solinadigan buyum qo‘yiladi.
Bunday uy-joylar mahalliy aholiga asrlar mobaynida xizmat qilib kelgan.
O‘tov tiklashda uning tashqi tomondan o‘raladigan jihozlariga ham alohida e’tibor berilgan. O‘tovning tarkibiy qismi sanalgan “chiylar” esa tashqi muhitdan himoya, shuningdek, turli hasharot va kemiruvchilardan saqlagan.
Chiylar besh-olti qarich uzunlikdagi qamishdan to‘qilib, keragalarga ulangan. Bunda ikki yoki uchta chiy yetarli bo‘lgan. Chiy to‘qishda mahalliy xomashyo — qamishdan keng foydalanilgan. Qamish avval po‘stlog‘idan ajratilib, besh yoki olti qarich uzunlikda qirqilib tayyorlangan. So‘ngra dastgohda echki junidan yigirilgan shardozlar, ya’ni iplar yordamida to‘qib chiqilgan. “Qora uy”ning keraga va bo‘sag‘alari o‘rnatib bo‘lingandan so‘ng keragadan jundan to‘qilgan bog‘ish hamda ayil aylantirilgan va ikki uchi yon bo‘sag‘alariga tortib bog‘langan. Bu keragalarning cho‘kishi va qiyshayishining oldini oladi.
Yerdagi namlikdan saqlanish maqsadida o‘tov ichiga doimiy ravishda bo‘yra to‘shaladi va uning ustidan kigiz tashlangan.
photo5210675236159204376.jpg
O‘tovda yozilmagan ammo qat’iy qoida mavjud bo‘lib, o‘ng tomonida yoshiga qarab erkaklar, so‘l tomonida xotin-qizlar o‘tiradi. O‘ng tomon muqaddas hisoblangan va erkaklar o‘tirgan o‘rinni xotin-qizlar bosishi qat’iy taqiqlangan.
Qora uyga kirish eshigidan engashib kirish bu xonadonga ta’zim qilib, hurmat ko‘rsatish ramzidir.
O‘tov qaysidir ma’noda qoraqalpoq tarixini, milliyligini, urf-odatlarini aks ettiruvchi ramziy ma’no hamdir. Qonliko‘l tumanida «Beskupir» ovul fuqarolar yig‘inida milliylik va zamonaviylikni mujassam etgan qora uy (o‘tov) loyihasidagi bekat ham qurilgan.
photo5210675236159204378.jpg
O‘tovga bir bora kirsangiz, xuddi tarixga, o‘tmishga sayohat qilgandek bo‘lasiz. O‘tmishga sayohat, ajdodlar nafasini his qilish esa kishiga o‘zgacha tasavvur bag‘ishlaydi . Moziy nafasi-yu ajdodlar didi va mahorati, singgan milliy va amaliy san’at kelajak uchun hamisha qiziqdir.
Yuksak did va mahorat bilan yaratilgan bu kabi milliy qadriyatlarimiz aks etgan “qora uy”lar yurtimizga tashrif buyurgan har bir xorijlikni befarq qoldirmasligi shubhasiz.
photo5210675236159204379.jpg
photo5210675236159204380.jpg
photo5210758841992587711.jpg

 

Muhayyo Toshqoraeva, O‘zA