Sifati kafolatlanmagan mahsulotlarni yashirincha olib kirishga chek qoʻyildi

Yurtimizning shimoliy darvozasi hisoblangan “Daut-ota” chegara bojxona posti xodimlari yurtimizga yashirin tarzda olib kirishga urinilayotgan tovar moddiy boyliklarining noqonuniy aylanmasiga oʻz vaqtida chek qoʻyishmoqda.
Jumladan, mazkur post xodimlari tomonidan fuqaro R.M. bojxona nazoratidan yashirin tarzda qiymati 16 million soʻmdan ortiq 2 xil turdagi 69 dona biologik aktiv qoʻshimchalarni qonunga xilof ravishda yurtimizga olib kirayotgan vaqtida toʻxtatib qolingan boʻlsa, fuqarolar K.U. va S.S. tomonidan qiymati 16 million soʻmdan ortiq boʻlgan 403 dona bosh kiyimlarni yashirincha olib kirishga urinishlari oʻz vaqtida fosh qilindi.
Shuningdek, yana bir fuqaro O.A. oʻzining “Lada Largus” rusumli avtomobilida yurtimizga kirib kelishida salkam 10 million soʻmlik 63 dona yongʻin xavfsizligini taʼminlash uskuna qismlarini noqonuniy ravishda olib kirishga uringani aniqlandi.
Shuningdek, fuqaro T.S. tomonidan qiymati 4 million soʻmga teng boʻlgan 20 shishadan iborat “Jack Daniels” nomli viski alkogol mahsulotlarini bojxona nazoratidan yashirishga uringan vaqtida toʻxtatib qolingan boʻlsa, fuqaro A.J. tomonidan qiymati 14 million soʻmlik, fuqaro E.D. tomonidan qiymati 8 million soʻmdan ziyodroq, R.R. tomonidan qiymati 6 million soʻmdan koʻproq, M.S. tomonidan esa salkam 4 million soʻmlik 34 xil turdagi 1282 dona parfyumeriya mahsulotlarining yurtimizga noqonuniy ravishda olib kirilishining oldi olingan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

 

OʻzA