Orolning qurigan maydoni – Mo‘ynoq tumanidan 200 kilometr olisdagi Vozrojdenie oroli hududidagi Shag‘ala deb nomlanuvchi joyda joriy yil yanvar oyida yer osti chuchuk suv topilgan edi. Mana shu otilib chiqayotgan suv manbai atrofida ko‘l paydo bo‘ldi va u yerga qushlar uchib kela boshladi.
– Hozirda biz Vozrojdenie oroli hududida, ya’ni birinchi qazilgan quduqning qoshidan yana bir quduq qazidik, – deydi Orolbo‘yi dala gidrogeologik ekspeditsiyasi boshlig‘i Shavkat Olimov. – Bu quduqning suvi ham chuchuk bo‘lib, qattiqligi 2,5 milligramm ekvivalentga, minerallashuvi esa litriga 2,5 grammga teng. Bu birinchi quduqning suviga qaraganda ham chuchukroq degani. Ikkinchi quduqdan bir soniyada 4-5 litr suv chiqmoqda. Hozirda otilib chiqayotgan obi-hayot atrofi ko‘lga aylanayotir. U yerga baliqchi qushlar kela boshladi. Orolga hayot qaytmoqda. Bu mo‘jizalarni biz o‘z ko‘zimiz bilan ko‘ryapmiz. Boshqa hududlardan ham quduqlarning yo‘nalishlari qidirilmoqda.
photo5201883811766446710.jpg
Quduqlar soni ko‘paysa, albatta, bu yerda hayvonot va nabotot dunyosi rivojlanadi, chorvachilik yo‘lga qo‘yiladi va boshqa ko‘plab ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolarga yechim topiladi.
Hozirda Orolning qurigan maydonida quduqlar qazish uchun 10 ta brigada jalb qilingan, ular belgilangan hududlarda bo‘rg‘ulash ishlarini olib bormoqda. Bugungi kunda yana ikkita quduq 300 metrga yaqin qazildi. Bu joylardan ham suv chiqishi kutilmoqda.
Joriy yilda shunday quduqlardan 50 tasi qazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, Orolbo‘yi hududidagi tumanlarda o‘tgan asrda qazilib, suv chiqarilgan, ammo yillar o‘tishi bilan ishdan chiqib, nosoz holatga kelib qolgan quduqlarni qayta tiklash yuzasidan ham ko‘rsatmalar berilgan.

 

Yesimxon Qanoatov, O‘zA