Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yongʻin xavfsizligi boshqarmasi xonadonlarda isitish tizimi qurilmalaridan foydalanishda xavfsizlik talablariga rioya etilishini oʻrgandi.
Yongʻin xavfsizligi boshqarmasi maʼlumotiga koʻra, Nukus shahri va barcha tumanlarda tashkil etilgan ishchi guruhlar tomonidan 2018 yil 1 noyabrdan shu kunga qadar oʻtkazilgan reydlar davomida 398 ming 426 ta aholi yashash uylari va 1 ming 578 ta koʻp qavatli uylarning 26 ming 162 ta xonadonlari tekshirib chiqildi. Tekshiruvlar davomida jami 37 ming 973 ta kamchiliklar aniqlanib, ushbu kamchiliklarning 26 ming 899 tasi joyida bartaraf qilindi. Xavfsizlik qoidalarini buzgan 578 nafar fuqaroga nisbatan maʼmuriy jarimalar qoʻllanildi. 932 nosoz gaz va elektr isitish moslamalaridan foydalanish taqiqlandi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida 262 ta mahallalarda 774 nafar fuqarolar muhokama qilindi.
Yongʻinlar, ularda fuqarolarni tan jarohati olishi va vafot etish holatlari, shuningdek, tabiiy gaz va havo aralashmasining chaqnashi hamda fuqarolarning is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olish mavzularida tushuntirish-targʻibot tadbirlari olib borildi. Yongʻin xavfsizligini targʻib etuvchi eslatma va yoʻriqnomalar tayyorlanib, joylarga tarqatilmoqda. Mahallalarda va ijtimoiy soha obyektlarida uchrashuvlar oʻtkazilib, yongʻin va is gazidan zaharlanish holatlarini oldini olish boʻyicha tushuntirish ishlari olib borildi.
– Yurtimizda bahor kunlari boshlangani bilan ob havo toʻliq ilib ketmadi, – deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV Yongʻin xavfsizligi boshqarmasi boshligʻi, mayor Azamat Davletov. – Xonadonlarda hamon isitish moslamalari va gazdan foydalanilmoqda. Shuning uchun aholini yongʻin va is gazidan doimo hushyor boʻlishga chaqirilmoqda.
Yesimxon Qanoatov, OʻzA