Joylarda hayvonlarini identifikatsiya, ya’ni hisobga olish ishlari boshlab yuborildi. Buzoq, qo‘zi, uloq va bo‘taloq tug‘ilganidan o‘n to‘rt kun o‘tib, bir oydan kechikmasdan, qulun va xo‘tik to‘rt oyligidan, cho‘chqa bir oyligidan, kuchuk va mushukcha uch oyligidan hisobga olinadi.
Bu jarayon qoramol, qo‘y, tuya, ot, eshak, cho‘chqa, it va mushuk kabi hayvonlar o‘rtasida amalga oshirilmoqda. Har bir hayvon turiga taqiladigan atribut turi, hayvonlarni elektron tarzda hisobga olish va hisobdan chiqarish tizimining ishlash jarayonini inobatga olgan holda xorijiy tajribalar asosida olib borilmoqda.
– Issiq iqlim sharoitimizga mos keluvchi atributlar standartdan o‘tkazildi, – deydi Davlat veterinariya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Abror Akbarov. –Bunga qadar Turkiya va Shvesariya atributlari o‘rganib chiqildi. So‘ngra atributlar o‘lchami, elektron birkalarga 15 xonali takrorlanmas raqam berilganligi, rangi, rangsizlanishi, antialergik xomashyodan tayyorlanganligi hamda issiq iqlim sharoitiga chidamliligi Davlat standartidan o‘tkazildi. Ayni vaqtda xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikda ishlar olib borilmoqda.
Xalqaro ekspert Slobaden Chokrevskiyning fikriga ko‘ra, O‘zbekistonda identifikatsiya qilingan hayvonlarni yagona elektron ma’lumotlar bazasiga kiritish orqali oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, aholini sifatli chorvachilik mahsulotlari bilan ta’minlash, shuningdek, aholi o‘rtasida hayvonotga mansub bo‘lgan turli kasalliklar kelib chiqishining oldini olishga erishish mumkin. Shuningdek, chorvachilik mahsulotlarining xorijga eksport qilinishida birmuncha qulaylik yaratishi mumkinligini alohida qayd etdi.
Ayni vaqtda Toshkent viloyatida bu boradagi yumushlar boshlab yuborildi. Bunda hayvonlarga identifikatsiya raqami berilganidan so‘ng uch ish kuni mobaynida davlat veterinariya xizmati vakili hayvon egasiga veterinariya pasportini rasmiylashtirmoqda. Bu pasport tuman (shahar) veterinariya bo‘limi boshlig‘i tomonidan imzolanib, muhr bosiladi.
Saqlanayotgan (boqilayotgan) har bir bosh hayvonga veterinariya pasporti rasmiylashtiriladi (qo‘y va echkiga guruh usulida veterinariya pasporti rasmiylashtirilishi mumkin).
Veterinariya pasportiga hayvonlarning identifikatsiya raqami (yangi tug‘ilgan hayvon bilan birga, uni tuqqan hayvon to‘g‘risidagi ma’lumot ham kiritiladi), hayvonlarning kasalliklarga qarshi profilaktikasi va ularni davolash ishlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritiladi. Keyinchalik profilaktika, tashxis qo‘yish va davolash tadbirlari o‘tkazilganda, hayvon egasi o‘zgarganda va boshqa holatlarda pasportga ma’lumotlar kiritib boriladi.
Agar veterinariya pasporti yo‘qolsa yoki yaroqsiz holga kelib qolsa, tegishli tartibda uning dublikati beriladi.
Mazkur tadbirlar bosqichma-bosqich boshqa viloyatlarda ham amalga oshirilishi mo‘ljallanmoqda.
O‘zA