Toshkentda AgroWorld Uzbekistan 2019 qishloq xoʻjaligi koʻrgazmasi boʻlib oʻtadi

13-15 mart kunlari “Oʻzekspomarkaz”da “Qishloq xoʻjaligi – AgroWorld Uzbekistan 2019” 14 – Xalqaro koʻrgazmasi boʻlib oʻtadi. Koʻrgazmada jahonning 20 ta mamlakatidan 150 ta kompaniya ishtirok etadi.
Eksponentlar chorvachilik, parrandachilik, issiqxona xoʻjaliklari uchun uskunalar va texnologiyalarni, yem-xashak va don sanoati uchun yechimlarni taqdim etadi.
Anʼanaga koʻra, Oʻzbekiston fermerlar, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi koʻmagida “Fermerlar kuni” oʻtkaziladi. Shu kuni tajriba almashish va koʻrgazmada taqdim etilgan mahsulotlarning keng turlarini ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi korxonalar bilan bevosita muloqot qilish uchun yurtimizning barcha viloyatlaridan agrar soha mutaxassislari keladi.
Amaliy dastur doirasida, 13 mart kuni “Jazirama issiq iqlim sharoitida qanday qilib koʻp sut va buzoqlar olish mumkin?” mavzusidagi seminar oʻtkaziladi.
Koʻrgazma ilgʻor texnologiyalarni jalb qilish orqali agrosanoat sektorida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, tajriba almashish, hamda Oʻzbekistonning qishloq xoʻjaligi sohasining investitsion jozibadorligini oshirishga turtki boʻlib xizmat qilishi kutilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi
Qishloq xoʻjaligi vazirligi
Matbuot xizmati.

 

OʻzA