Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi Oʻzbekiston bojxona sohasi bilan yaqindan tanishmoqda

Avval xabar berilganidek, mamlakatimizda Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi Kunio Mikuriya tashrif bilan boʻlib turibdi. 
Tashrif doirasida Bosh kotib K.Mikuriya Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona qoʻmitasida tashkil etilgan videokonferensiyada ishtirok etdi.
Davlat bojxona qoʻmitasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha boshqarmalari, “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi, Milliy kinologiya markazi va Bojxona instituti shaxsiy tarkibi ham mazkur tadbirda masofadan turib qatnashdi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan tasdiqlangan 2017-2021 yillar uchun moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida barcha sohalar qatori bojxona sohasida ham keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
DQ7A1153.JPG
2018 yilda bojxona organlari faoliyatini tubdan isloh etish, tadbirkorlik va turizmni jadal rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida bojxona organlari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan 46 ta normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Xususan, 2018 yil 1 yanvardan respublikamizning xalqaro aeroportlarida ikki yoʻlakli (“qizil” va “yashil”) tizim ishga tushirildi. Yuklarni bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazishda 4 yoʻlakli (“qizil”, “sariq”, “yashil” va “koʻk” yoʻlaklari) avtomatlashtirilgan Xavfni boshqarish tizimi 2019 yilning 1 martidan boshlab toʻlaqonli ravishda amaliyotga tatbiq qilindi.
Bu islohotlar, oʻzgarishlar oʻz samarasini bermoqda. Masalan, eksport bojxona yuk deklaratsiyalarini rasmiylashtirish ilgari oʻrtacha 2 soat 49 minutni tashkil etgan boʻlsa, hozirda bu koʻrsatkich 4,3 martaga qisqardi. Import bojxona yuk deklaratsiyalari esa topshirilgan vaqtidan boshlab, ilgari oʻrtacha 43 soatda rasmiylashtirilgan boʻlsa, hozirda bu koʻrsatkich 2 barobarga qisqardi.
Tadbirda soʻz olgan Bosh kotib Jahon bojxona tashkiloti va Oʻzbekistonning koʻp yillik hamkorligiga asosiy eʼtiborni qaratdi. Oʻzaro hamkorlik Oʻzbekistonning bojxona qonunchiligini umumqabul qilingan xalqaro standartlar, meʼyorlar va amaliyot bilan uygʻunlashtirish borasida jadal rivojlanayotganini taʼkidladi. Norasmiy ravishda “Jahon bojxona tajribasi markazi” deya nomlanadigan Jahon bojxona tashkilotida bu borada boy ilgʻor tajriba jamlangan.
Bugungi kunda davlat bojxona xizmati organlari tomonidan ishlab chiqilayotgan yangi tahrirdagi Bojxona kodeksi loyihasi ham bojxona protseduralarini soddalashtirish va uygʻunlashtirish boʻyicha Kioto konvensiyasiga qoʻshilish sari dadil qadamdir.
Bosh kotib Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishga qaratilgan aniq maqsadli islohotlarni, bu boradagi ochiq tashqi siyosatini toʻla qoʻllab-quvvatlashini bildirdi. Mamlakatning iqtisodiy, madaniy va tarixiy jihatdan mintaqada strategik oʻringa egaligini hisobga olib, Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishida Jahon bojxona tashkiloti ham oʻz hissasini qoʻshishini maʼlum qildi.
Tadbirda davlat bojxona qoʻmitasining faol xodimlariga Jahon bojxona tashkiloti sertifikatlari topshirildi.
Shundan soʻng, martabali mehmon qoʻmitaning Bojxona ekspertizasi va TIF tovarlar nomenklaturasini yuritish boshqarmasi qoshidagi laboratoriya hamda “Bojxona tarixi” muzeyi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Kunning ikkinchi yarmida Bosh kotib K.Mikuriyaning Zangiota tumanidagi “High Way Logistics Centre” zamonaviy transport logistika markazi va poytaxtimizdagi Bojxona institutiga tashrifi kutilmoqda.

 

Malohat Husanova, OʻzA