Hamyurtimiz Butunjahon qishki universiadasining final bosqichida ishtirok etdi

Xabar berganimizdek, Rossiya Federatsiyasining Krasnoyarsk shahrida boʻlib oʻtayotgan Butunjahon qishki universiada oʻyinlarida kecha oʻzbekistonlik sportchilar ham oʻz ishtirokini boshladi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, 5 mart kuni “Sopka” nomli sport majmuasida snoubordning parallel slalom-gigant yoʻnalishida bahslar oʻtkazildi. Musobaqa qaydnomasida 18 davlatdan kelgan 26 nafar erkak hamda 19 ayol sportchi roʻyxatdan oʻtishgan edi. Ushbu guruhda mamlakatimiz sharafini Yekaterina Lyabina hamda Jasur Mahmudov himoya qilishdi.
photo5188432171763870182.jpg
Garchi, Jasur mazkur yoʻnalishdagi ishtirokini kvalifikatsiya bosqichidayoq yakunlagan boʻlsa-da, Yekaterina saralashdan muvaffaqiyatli oʻtib, ikkinchi bosqichda ham oʻz imkoniyatini sinovdan oʻtkazdi. Medallar uchun kurash qizgʻin kechgan final bosqichida sportchimiz rossiyalik Natalya Sobolevaga imkoniyatni boy berib qoʻydi. Yakunda aynan Natalya musobaqaning bronza medalini qoʻlga kiritdi.
Bugun esa snoubordchilarimiz parallel slalom yoʻnalishida oʻz mahoratlarini namoyish etadi.

 

OʻzA