Soʻnggi vaqtlarda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda xorijiy seriallar qizgʻin muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Biz xorijiy seriallarning efirga uzatilishi bilan bogʻliq masala yuzasidan xususiy telekanal va turli tashkilotlar vakillari fikri bilan qiziqdik.
Feruza Yusupova, “ZOʻR TV” telekanali muharriri:
– Bizning telekanalda atigi 3 ta serial efirga uzatiladi. Shulardan ikkitasi tarixiy, bittasi jazo muddatini oʻtayotgan ayollar haqida. Ijtimoiy tarmoqlarda telekanallarimizda asosan turk seriallari namoyish qilinayotgani va ular yoshlar maʼnaviyatiga salbiy taʼsir qilayotgani haqida eʼtirozlar bildirilmoqda. Biz ham milliy seriallarni efirga berish tarafdorimiz. Lekin hozircha talabga javob beradigan milliy seriallar taklif qilinmadi. Shu sababli, xorijiy davlatlar tomonidan ishlangan kinolarga murojaat qilamiz. Avvalo, tomoshabin talabi inobatga olinadi. Biz hamisha tomoshabinlar talabini monitoring qilib boramiz. Telekanalimiz muxlislari koʻproq turk seriallarini talab qilishmoqda.
Shu bilan birga serialning Turkiyada qanday muvaffaqiyat qozonganini ham inobatga olamiz. Tanlangan serial telekanalning Badiiy kengashiga topshiriladi. Badiiy kengashdagi 8 nafar oʻz ishining ustasi boʻlgan mutaxassis serial bilan toʻliq tanishib chiqib, fikrini bildiradi. Badiiy kengash har bir aʼzosining xulosasi tinglanib, soʻng bir fikrga kelinadi. Ruxsat berilsa, film dublyaj jarayonidan keyin “pardozlanadi”. Yaʼni, mentalitetimizga yot unsurlari bor, qahramonlar sovuq qurollardan vahshiylarcha foydalangan lavhalar kesiladi, jargon soʻzlar oʻrniga hammaga tushunarli va salbiy boʻyogʻi nisbatan kamroq soʻz qoʻllanadi. Bir soʻz bilan aytganda, yurtimiz tomoshabinlariga moslashtiriladi. Serialning har bir qismi efirga uzatilishidan oldin masʼul muharrir tomonidan yana bir marta koʻrib chiqiladi.
“Abdulhamid” va “Ertugrul” tarixiy seriallariga eʼtiroz boʻlgani yoʻq. Ijtimoiy tarmoqlarda asosan “Hovli” seriali muhokama qilinayapti. Shu filmda har bir salbiy holatdan soʻng lirik chekinish bilan oʻsha voqeaga izoh beriladi. Qahramon qayerda, qanday ayb qilgani koʻrsatiladi. Eng muhimi, filmning yakunida falsafiy xulosa bor. Hamma voqea oʻshanga qarab borayapti. Chunki bunda yomonlik orqali yaxshilik ulugʻlangan. Yoshlarni yomon yoʻlga kirmasligi oilaga bogʻliqligi, aks holda oqibatining nima boʻlishi soʻnggi qismlarda maʼlum boʻladi.
Yana bir misol, “Gullar iztirobi” seriali bosh qahramonining qalbini oʻch olish hissi egallab olgandi. Shu sabab undan barcha yuz oʻgiradi, u yolgʻizlanib qoladi. Axir bu seriallar orqali yaxshilikni yomonlikdan farqi koʻrsatib berilgan-ku! Har qanday asar faqat ijobiy qahramonlardan iborat emas.
Biz muammoga bir oz kengroq nazar tashlashimiz kerak. Ota-onalar bolalari bilan kam muloqot qilishyapti. Ularga oqni qoradan farqlashni oʻrgatishmayapti. Bir ayol telefon qilib, bolam serial qahramoni qilgan ishni qilyapti, deydi. Axir seriallarda yosh nisbati belgilab qoʻyilgan-ku! Nega oʻn olti yoshdan kichiklarga ayrim serialni koʻrishga ruxsat berishadi? Ota-ona farzandiga salbiy qahramon haqida uning odobsizligini tushuntirib berishmayapti. Agar oilada sogʻlom muhit boʻlsa, hech qanday serial ularning maʼnaviyatiga salbiy taʼsir qilmaydi.
OʻzA muxbiri
Xurshid Qodirov
yozib oldi
P/S: Mazkur mavzu yuzasidan Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, “Sevimli TV” telekanali, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligi, Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va boshqa mutasaddi idora vakillarining ham oʻz munosabatini bildirgan. Saytimizni kuzatishda davom eting.