Avval xabar berganimizdek, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida 2019-2020 oʻquv yilidan boshlab test tizimiga kiritiladigan muhim oʻzgarishlarga bagʻishlangan matbuot anjumani davom etmoqda.
Maʼlumki, 2019 yil 15 fevralda “Oliy taʼlim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun regulation.gov.uz saytiga joylashtirildi.
Anjumanda Davlat test markazi direktori Majid Karimov jurnalistlarga asosiy kutilayotgan oʻzgartirishlar haqida maʼlumot berdi.
Abituriyentlar va ularning ota-onalari tomonidan ortiqcha ovoragarchiliklar va xarajatlarni oldini olish maqsadida ularning yashab turgan manzilida Davlat xizmatlari markazlari orqali roʻyxatga olish, abituriyent tomonidan tanlanayotgan taʼlim muassasasining joylashgan hududidan qatʼi nazar oʻzi yashab turgan hududda test sinovlarida ishtirok etishi qaror loyihasida taklif etilmoqda.
Ikkinchidan, abituriyentlarning oʻqishga kirish imkoniyatini yanada oshirish maqsadida ularga bir vaqtning oʻzida uchta bakalavriat taʼlim yoʻnalishini tanlash huquqi berilmoqda. Abituriyentlarga yanada keng imkoniyat yaratish uchun amal qilish muddati uch yil boʻlgan sertifikat beriladi.
Sertifikatdan ular uch yil davomida oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun foydalanishi mumkin boʻladi.
Bundan tashqari, joriy yilda maktab, litsey va kollejlarni yakunlagan bitiruvchilar uchun test sinovlari mutlaqo bepul, hech qanday toʻlovlarsiz oʻtkazilish tartibi saqlanib qolinmoqda. Shu bilan birga, oʻtgan yil va undan oldingi davrda oʻqishni tugatgan abituriyentlar test sinovlarida ishtirok etishi uchun eng kam ish haqining bir barobari miqdorida toʻlovni amalga oshirish tartibi taklif qilinmoqda.
Saytimizni kuzatib boring. Tadbir tafsilotlari onlayn yoritiladi.