2019-2020 oʻquv yilidan boshlab test tizimiga kiritiladigan muhim oʻzgarishlarga bagʻishlangan matbuot anjumani davom etmoqda.
2019 yil 15 fevralda “Oliy taʼlim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror loyihasida joriy yilda maktab, litsey va kollejlarni yakunlagan bitiruvchilar uchun test sinovlari mutlaqo bepulligi, oʻtgan yil va undan oldingi davrda oʻqishni tugatgan abituriyentlar test sinovlarida ishtirok etishi uchun eng kam ish haqining bir barobari miqdorida toʻlovni amalga oshirish tartibi taklif qilinmoqda.
Jamoatchilikning qizgʻin muhokamasiga sabab boʻlgan mazkur masalani Davlat test markazi direktori Majid Karimov quyidagicha izohladi:
“Abituriyentlardan juda koʻp murojaatlar boʻladi, ular bizdan haqqoniylikni taʼminlashni talab etmoqda. Test jarayonida aksariyat abituriyentlarning 30 foizi 15-20 daqiqada imtihondan chiqib ketadi. Bu tushunarsiz holat, chunki test savollarini bu vaqt ichida yechishning imkoni yoʻq. Maqsad ana shundan tasodifiy odamlarning kelib ketishini oldini olish”.
M.Karimovning taʼkidlashicha, tushgan mablagʻlar test sinovlarini tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar, texnikalar sotib olish kabilarga sarflanadi.
Tadbir davom etmoqda.