Innovatsiya vazirligi amaliy ilmiy-texnik loyihalar va innovatsion ishlanmalarni moliyalashtirishni boshladi

Innovatsion rivojlanish vazirligida Davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida bajarilishi 2019–2021 yillarga moʻljallangan amaliy ilmiy-texnik loyihalar, innovatsion ishlanmalar tanlovi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov moliyalashtirishga tavsiya etilgan loyiha rahbarlariga sertifikatlarni topshirdi, deb xabar bermoqda vazirlik axborot xizmati.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasining 2019 — 2021 yillardagi Innovatsion rivojlantirish strategiyasiga koʻra ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga sarflanadigan davlat xarajatlarini koʻpaytirishni nazarda tutilgan. Bu xarajatlar yurtimiz taraqqiyotiga nafi tegadigan, aholi farovonligiga va xalqimiz turmush tarzini yaxshilashga xizmat qiladigan mahsulotlar, texnologiyalar koʻrinishida davlatga foyda olib kelishi lozim. Oʻz navbatida, ilmiy-tadqiqot natijalarini tijoratlashtirishdan keladigan foyda olimlarning ham moliyaviy ahvoliga ijobiy taʼsir koʻrsatib, kelgusida ularning yanada chuqurroq ilmiy izlanishlar olib borishiga turtki beradi.
photo5440413732606946659.jpg
Innovatsion rivojlanish vazirligi amaliy ilmiy-texnik loyihalar, innovatsion ishlanmalar hamda dolzarb tematik tadqiqotlar tanlovlarini eʼlon qilgach, har bir yoʻnalish boʻyicha tanlovga kelib tushgan loyihalar vazirlik huzuridagi Ilmiy-texnik kengashlar tomonidan ekspertizadan oʻtkazilmoqda. Topshirilgan loyihalardagi maʼlumotlarning haqiqiyligi va ishonchliligi, natijadorligi, tijoratlashtirish darajasi, tanlov dasturlari vazifalarida belgilangan vazifalarga mosligi, ijrochilarning ilmiy-texnik salohiyati, ijrochi tashkilotda moddiy-texnik baza mavjudligi va boshqa mezonlar oʻrganilib, tegishli qarorlar qabul qilinmoqda.
Ilmiy-texnik kengashlar xulosalari asosida moliyalashtirishga tavsiya etilgan ilmiy-texnik loyihalari 2019 yil 16 fevraldagi vazirlik Hayʼatida koʻrib chiqilib, moliyalashtirish boʻyicha qaror qabul qilingan edi. Unga koʻra, farmakologiya, metallurgiya, qishloq xoʻjaligi, kimyo, texnika yoʻnalishlaridagi aniq maqsadga yoʻnaltirilgan 6 ta loyiha moliyalashtirildi.
Mazkur 6 ta tadqiqot ishlari moliyalashtirishga loyiq deb topilgan ilk loyihalardir. Endilikda vazirlik muntazam ravishda moliyalashtiriladigan loyihalarni rasmiy veb-saytida eʼlon qilib boradi.

 

OʻzA