Oʻzbekiston – Isroil agroforumini oʻtkazish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligida Isroil davlatining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Eduard Shapira va “Gadot Agro” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Unda tomonlar qishloq xoʻjaligi sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.
Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri Jamshid Xoʻjayev isroillik hamkorlarning mahsulot sifati va miqdorini yaxshilash, qishloq xoʻjaligida tarkibiy islohotlarni amalga oshirish uchun ilgʻor texnologiyalarni qoʻllash boʻyicha amalga oshirayotgan saʼy-harakatlari muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.
Oʻz navbatida, elchi istiqbolda qishloq xoʻjaligi tarmoqlarini yanada rivojlantirish borasida hamkorlik ikki tomon uchun ham birday manfaatli ekanini qayd etdi.
1.jpg
Tadbirda tomonlar 2019 yilda “Action Plan” loyihasini tayyorlash tashabbusini qoʻllab-quvvatladi. “Gadot Agro” kompaniyasi vakillari Oʻzbekistonda paxta hosildorligini oshirish va tuproq shoʻrlanishiga qarshi kurashish uchun tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy etish boʻyicha oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston – Isroil agroforumini 2019 yilning aprelida oʻtkazish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi. Forum doirasida Isroilning yetakchi qishloq xoʻjaligi kompaniyalari vakillarining viloyatlarga tashrifi, Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi bozori bilan tanishish va ikki mamlakat fermerlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni oʻrnatish rejalashtirilgan.
Shuningdek, vazirlikda Qirgʻiziston qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat sanoati va melioratsiya vaziri boshchiligidagi delegatsiya bilan ham uchrashuv oʻtkazildi. Unda soha mutasaddilari Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi koʻp tomonlama hamkorlikning rivojlanishini ijobiy baholadi.
Uchrashuvda muhandislik, chorvachilik, urugʻchilik kabi sohalarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish holati muhokama qilindi. Tomonlar qoʻshma ishchi guruh tuzish va 2019 yilga moʻljallangan rejalarni belgilash boʻyicha kelishuvga erishdi.

 

A.Musayev, OʻzA