Avstraliya: Suvni mamlakat bosh vaziri boshqaradi

Ayni vaqtda xorijda yashayotgan yurtdoshlarimizning koʻpchiligi mamlakatimizdagi tashkilot va uyushmalarga ishga taklif etilmoqda. Avstraliya fuqarosi Maykl Davidov Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisining faxriy maslahatchisi lavozimida yaqinda ish boshladi.
Bilamizki, Avstraliya – yerning eng qaqragan qitʼasi, uning toʻrtdan uch qismida namlik yetarli emas. Issiq tropik quyosh sababli qitʼada keng sahrolar paydo boʻlgan. Shunday boʻlsa-da, bu mamlakat qishloq xoʻjaligi ekinlari yetishtirishda yaxshi yutuqlarga erishmoqda. Hozirda Avstraliya agrosanoat kompleksi sektoridagi pul aylanmasi 60 milliard dollar miqdorida baholanmoqda. Kelajakda bu aylanmani 100 milliard dollarga chiqarish rejalashtirilgan.
Avstraliyaning qishloq xoʻjaligi borasidagi tajribasi va ularning Oʻzbekiston sharoitida tatbiq etish samaralari bilan bogʻliq bir qator savollarga Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisining faxriy maslahatchisi Maykl Davidov oʻz mulohazalarini bildirdi.
– Avstraliya markazi va unga yaqinlashgan choʻllarda oʻrtacha kunduzgi havo harorati 35-36 daraja va baʼzi kunlarda + 40 dan yuqori boʻladi, – deydi Maykl Davidov. – Qishda bu yerda kunduzgi harorat deyarli ikki barobar past + 20 daraja, Buyuk Viktoriya choʻlida +10 darajagacha boʻladi. Yogʻingarchilik kamdan-kam holda yuz beradi. Mamlakatning 63 foizi choʻl va yarim choʻldan iboratligi bois suvga boʻlgan talab juda yuqori. Biroq, suvning yetarli miqdorda emasligi bois qishloq xoʻjaligining anʼanaviy faoliyat yoʻnalishlaridan chetga chiqqan holda yangi resurslar qidiriladi. Misol uchun, mulk egalari kam suv talab qiladigan yoki shoʻr suv bilan oziqlanadigan oʻsimliklar va ekinlar yetishtirishga harakat qiladi.
Suv muhim ahamiyatga ega mahsulot boʻlgani uchun uni mamlakat bosh vaziri boshqaradi. Avstraliyaning Milliy fermerlar federatsiyasiga barcha tashkilotlar bogʻlangan boʻlib, suv tejash borasidagi monitoring doimiy olib boriladi. Yana bir jihati, dunyoning hech bir davlatida boʻlmagan yer osti suvlari zaxirasi kartasi aynan Avstraliyada ishlab chiqilgan.
Bori ham odamlar va chorvaning isteʼmoli uchun kerak.
– Ayrim internet maʼlumotlariga koʻra, Avstraliyada suvdan bir necha marta foydalanilar ekan. Bu qanday tarzda amalga oshiriladi?
– Toʻgʻri, bu mamlakatda 370 dan ortiq suv tozalash uskunalari bor. Suvdan bir necha marta foydalaniladi. Shoʻr suv drenaj tarmoqlaridan oʻtkazilgandan keyin nasoslar orqali fermerlarning dalasiga yetkaziladi. Hamma suv fermerlar orasida boʻlinadi. Mamlakatda 380 dan ziyod fermer xoʻjaliklari boʻlib, ularning har biri oʻziga kerakli miqdorda suvni saqlaydi, uni boshqaradi. Xohlasa, sotadi yoki maxsus saqlash joylarida jamlaydi. Suv juda qimmatbaho boʻlib, u uchun toʻlash kerak. Bir kub metr suv 0,5 dan 3 avstraliya dollariga ishlab chiqariladi. Bu arzon emas. Biroq, mavjud toza suv oʻsimliklarni sugʻorishga sarflanmaydi. Faqatgina insonlar va chorva isteʼmoli uchun yetkazib beriladi.
– Avstraliyada yogʻingarchilikda yigʻilgan suvlar jamlab boriladi, bu suvlar dengizga qoʻshilib ketmasligi uchun sohilboʻyida maxsus suv yigʻiladigan joylar bor degan fikrlar qanchalik toʻgʻri? Fermer suvdan oqilona foydalanish uchun koʻproq qaysi usullardan foydalanadi?
– Mamlakatning uchta shtatida sugʻoriladigan, yumshoq yerlar bor. U yerlarda uzumzorlar va bogʻlar yaratilgan. Qor va yomgʻir suvlarini yigʻib, qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorish haqidagi gaplar haqiqat. Fermerlar orasida tomchilatib sugʻorish ommalashgan. Bu har jihatdan iqtisodiy foyda keltiradi. Suvga qoʻshib, mineral oʻgʻitlar berilishi, ish hajmini qisqartirib, samaradorlikni oshiradi. Xususan, bu mamlakatda aholining 3 foizi agrar tarmoqda band. Oʻzbekistonda esa bu koʻrsatkich 40 foizdan ortiq ekan.
Mulkdorlar suvni tejash uchun yerni “nol” darajada ishlatadi. Yaʼni Avstraliyada yerda kichik yuzaki yoriqlar hosil qilinib, urugʻ sepiladi va usti oddiy tarzda, ozgina tuproq bilan yopib qoʻyiladi. Shunda suv yanada koʻproq tejaladi. Oʻzbekistonda esa yer texnikalar yordamida qazilib, haydalib, sugʻorish uchun ham koʻp suv sarflanadi. Bizda yomgʻir mavsumida ekiladigan oʻsimliklar bor.
– Avstraliyaning issiq ob-havo sharoitida tez-tez qurgʻoqchilik kuzatiladi. Ekinlar qurib ketgan holatlarda davlat fermerlar uchun qanday yordam beradi?
Butun dunyoda qishloq xoʻjaligi tizimi subsidiyalash tartibda ishlaydi, shu kabi bu mamlakatda ham joriy etilgan. Agarda qurgʻoqchilik boʻlsa yoki fermerlar istalgan hosilni ololmagan boʻlsa davlat ularga kafolatlangan miqdorda yordam beradi. Misol uchun, oʻtgan yili qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining deyarli chorak qismini yetkazib beradigan Janubiy Uels shahrini qurgʻoqchilik qamrab oldi. Shunda hukumat tomonidan mintaqaga favqulodda yordam tariqasida 430 million dollar miqdorida mablagʻ ajratildi. Shuningdek, suv koʻp talab qiladigan – papayya, avokada, anor kabilarni yetishtirgan fermerlarga ham koʻmak beriladi.
– Ob-havodagi yaqinlikni hisobga olsak, Avstraliyadagi ayrim usullarni mamlakatimiz mulkdorlari faoliyatiga ham joriy etish foydadan holi boʻlmaydi, nazarimda?
– Albatta. Keng miqyosda hamkorlik va tajriba almashishni yoʻlga qoʻyamiz. Aslida meni vazifam ham Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish samaradorligini oshirish, ekologik toza mahsulotlarni dunyo bozoriga katta miqdorda chiqarishga koʻmaklashish. Dunyoda organik qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga talabning ortishini hisobga oladigan boʻlsak, Oʻzbekistondagi fermerlarda bu borada yetarlicha imkoniyat mavjud. Toʻgʻri hozirgacha, Rossiya, Xitoy va MDH davlatlari bozorida oʻz oʻrnimiz bor. Lekin ekologik toza meva-sabzavotlarni qimmatroq sotish uchun xalqaro standartlarni joriy etish zarur. Men 200 davlatga vizasiz kira olish imtiyozidan foydalanib, bu boradagi yutuqlarni kengaytirishni moʻljallab turibman.

 

Sayyora Shoyeva, OʻzA