Poʻlat Saidqosimov ogʻir ahvolda shifoxonaga tushdi

Fargʻona viloyati Qoʻqon shahrida filmga tushayotgan taniqli aktyor, Oʻzbekiston xalq artisti Poʻlat Saidqosimovning toʻsatdan tobi qochib qoldi. Unga zarur tibbiy yordam koʻrsatilib, aniq tashxis qoʻyilib, vaqtida Toshkent shahriga Respublika shoshilinch tibbiy yordami ilmiy markaziga olib borildi. Bu haqda viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Odiljon Umarov xabar bermoqda.
Poʻlat Saidqosimovni 15 yanvar kuni kechqurun qorin sohasidagi ogʻriq bezovta qila boshlaydi. Bemor tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, birinchi tibbiy yordam koʻrsatilib, vrachlar tomonidan toʻliq koʻrikdan oʻtkazilishi uchun shifoxonaga yotqizilishi kerakligi toʻgʻrisida tavsiya beriladi, lekin bemor yaxshi boʻlib qolaman doimgi boʻlib turadigan ogʻriq deb unamaydi. Bemorda 16-yanvar kuni qorin sohasidagi ogʻriq qaytalangandan soʻng soat 16.10 da Qoʻqon shahar shoshilinch tibbiy yordam shifoxonasining xirurgiya boʻlimiga yotqiziladi. Qoʻqon shahar shoshilinch tibbiy yordam shifoxonasi xirurglari tomonidan bemor koʻrilib, bemorda “Oʻtkir ichak tutilishi” tashxisiga shubha qilinadi. Qoʻqon shahar tibbiyot birlashmasi rahbariyati zudlik bilan viloyatda tashkil etilgan vertikal boshqaruv asosida bemorga yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish maqsadida Fargʻona viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasiga murojaat qilgan.
Respublika shoshilinch tibbiy yordami ilmiy markazi Fargʻona filialining oliy toifali yuqori tajribali xirurglari Umid Sirojiddinov va Hojiakbar Hojiyevlar boshqarma boshligʻi topshirigʻiga asosan qisqa vaqt ichida Qoʻqon shahriga yetib kelishib, bemorni barcha yuqori texnologik murakkab tekshiruvlardan oʻtkazdi. Bemorga shoshilinch operatsiya oʻtkazilishi va buning uchun bemorni qisqa muddatli tayyorlovdan oʻtkazilishi tavsiya etilgan, lekin bemor va uning qarindoshlari bemorni Toshkent shahriga olib borish imkoniyatini yaratib berilishini iltimos qilishgan. Shundan soʻng mutaxassislarni konsiliumi tashkil etilib, bemorni transportda Toshkent shaxrigacha maxsus reanomobilda olib borilishi mumkinligi va uning hayotiga xavf tugʻdirmasligi kafolatlangandan soʻng bemorni Qoʻqon shahar tez tibbiy yordami stansiyasi bosh vrachi Akramjon Oʻrmonov, kardiolog Tohirjon Tojiyev va hamshira Namunaxon Usmonovalar tomonidan “TOYOTTA” rusumli zamonaviy reanomobilda 2 soat 55 daqiqa ichida bemorga oʻtkazilishi kerak boʻlgan operatsiya oldi tayyorlov ishlarini yoʻlda ketish davomida mahalliy kadrlarimiz tomonidan xech qanday qiyinchiliklarsiz amalga oshirilgan. Toshkent shahriga Respublika shoshilinch tibbiy yordami ilmiy markaziga olib borildi. Bemorni Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari, Respublika shoshilinch tibbiy yordami ilmiy markazi bosh direktori tibbiyot fanlari doktori, professor A.Hadjibayev oʻzi koʻrikdan oʻtkazib operatsiya amaliyotini xam shaxsan oʻzi amalga oshirgan. Tekshirishlar jarayonida bemorga fargʻonalik vrachlar tomonidan qoʻyilgan tashxis oʻz tasdigʻini topgan. Taʼkidlash joizki davlatimiz rahbari tomonidan tibbiyot sohasiga berilayotgan eʼtibor, sohani isloh qilish uchun chiqarilgan farmon va qarorlarni oʻz vaqtida ijrosini taʼminlash orqali bemorlarga oʻz vaqtida toʻgʻri tashxis qoʻyish va tibbiy yordam koʻrsatishga erishilmoqda.

 

M.Sulaymonov, OʻzA