photo5312280006170356146.jpg
Oybekning sheʼriy isteʼdodi olmos qirralari kabi porlab-tovlanib bordi.Oybek, Choʻlpondan keyin, barmoq vaznining aruz singari, hatto aruzga nisbatan ham katta badiiy imkoniyatlarga ega ekanini isbotlab berdi. U oʻzbek sheʼrining musiqiy-ritmik ohanglarini boyitib, nafis tashbehlar bilan bezangan tiliga yanada sayqal berdi. U sheʼrlaridagi zamon va makonni yorqin boʻyoqlar bilan nurlantirib yubordi; binobarin, uning sheʼrlarida hayotiylik, haqqoniylik, badiiy haqiqat kuchaydi. Lirik tuygʻuning teranligi, bokiraligi, porloqligi, poetik tilning esa favqulodda nafisligi Oybek sheʼriyatining oʻziga xos belgilari sifatida namoyon boʻldi (Naim Karimovning maqolasidan).
OYBЕK IJODIDAN
NAʼMATAK
 
Nafis chayqaladi bir tup naʼmatak
Yuksakda, shamolning belanchagida,
Quyoshga koʻtarib bir savat oq gul,
Viqor-la oʻshshaygan qoya labida.
 
Nafis chayqaladi bir tup naʼmatak
Mayin raqsiga hech qoniqmas koʻngil,
Vahshiy toshlarga ham u berar fusun,
Soʻnmaydi yuzida yorqin tabassum.
 
Yanoqlarni tutib oltin boʻsa-chun,
Quyoshga tutadi bir savat oq gul!
Poyida yigʻlaydi kumush qor yum-yum…
Nafis chayqaladi bir tup naʼmatak…
 
Shamol injularni separ chashmadak
Boshida bir savat oq yulduz — chechak,
Nozik salomlari naqadar maʼsum!
Togʻlar havosining firuzasidan
Mayin tovlanadi butun niholi.
Vahshiy qoyalarning ajib ijodi:
Yuksakda raqs etar bir tup naʼmatak,
Quyoshga bir savat gul tutib xursand!
 
XASTAMЕN…
 
Xastamen… Fikrga, tuygʻuga toʻlib,
Oy menga hamqadam – sokin yuramen.
Sogʻaysam bir kuni yozamen toʻyib,
Hislarga qalbimni qoʻshib yozamen…
 
Kechalar yururmen telbaday horib,
Boshimda oy borur – menga hamqadam.
Xayollar uchadi mashʼalday yonib,
Toʻyib yozajakmen bir kun sogʻaysam.

photo5312280006170356145.jpg

XX asr oʻzbek adabiyotining rivojiga salmoqli hissa qoʻshgan ulugʻ adib, shoir, olim, jamoat arbobi Muso Toshmuhammad oʻgʻli Oybek 1905 yil 10 yanvarda Toshkent shahrida boʻzchi oilasida dunyoga keldi. Oldin oʻrta maktabda, 1922—1925 yillarda esa Toshkent taʼlim va tarbiya texnikumida taʼlim oldi. Soʻngra Oʻrta Osiyo Davlat dorilfununining ijtimoiy fanlar fakultetida tahsil koʻrdi. 1930 yili Oʻrta Osiyo Davlat dorilfununini tugatib, oliy maktablarda siyosiy iqtisoddan dars berdi.
Oybek adabiyotga 1926 yili chop etilgan “Tuygʻular” sheʼriy toʻplami bilan kirib kelgan. Shoirning “Dilbar — davr qizi” (1931), “Oʻch” (1932), “Baxtigul va Sogʻindiq” (1933), “Temirchi Joʻra” (1933) dostonlari oʻz davrining sheʼriy solnomalaridir. U tarixiy va zamonaviy mavzularda yigirmaga yaqin dostonlar yaratgan. Oybek sheʼriyati nihoyatda goʻzal boʻlib, oʻzining sodda, ravon va ifodali tilda, boy va rang-barang tasviriy vositalarda yaratilganligi bilan alohida ajralib turadi.
Oybek mohir shoir boʻlgani kabi yetuk romannavis ham edi. U yaratgan “Qutlugʻ qon”, “Navoiy”, “Ulugʻ yoʻl”, “Oltin vodiydan shabadalar”, “Quyosh qoraymas” kabi epik polotnolar oʻzbek realistik romanchiligi taraqqiyotida muhim bir davrni tashkil etadi.
Oʻzbek xalqining 1916 yilgi milliy-ozodlik qoʻzgʻoloni yozuvchining “Qutlugʻ qon” (1940) romanida zoʻr mahorat bilan realistik ifodalangan boʻlsa, “Navoiy” (1944) romanida oʻzbek adabiyotida birinchi boʻlib, ulugʻ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy obrazini yaratdi. Uning “Oltin vodiydan shabadalar” (1949) asarida xalqimizning urushdan soʻnggi davr yaratuvchilik mehnati, “Quyosh qoraymas” (1958) romanida ikkinchi jahon urushi fojialari oʻz ifodasini topgan. Adibning “Ulugʻ yoʻl” (1977) asari esa “Qutlugʻ qon” romanining mantiqiy davomi boʻlib, unda yozuvchi xalq milliy ongining shakllanishini koʻrsatishga intilgan.
Oybek 1949 yilda Pokistonga sayohat qilgan. Adib qardosh xalq hayotini, fikr va tuygʻularini, kurash va intilishlarini “Pokiston xotiralari” ocherklari, qator sheʼrlari, “Zafar va Zahro”, “Haqgoʻylar” dostonlarida, nihoyat, “Nur qidirib” qissasida tasvirlagan.
Adibning avtobiografik qissasi — “Bolalik” 1963 yilda yaratilgan. Qissaning bosh qahramoni yosh Muso, yaʼni Oybekning oʻzidir.
Oybek isteʼdodli shoir, yirik nosir boʻlibgina qolmay, mashhur olim, publitsist, tanqidchi va tarjimon, davlat va jamoat arbobi hamdir. Oʻzbek kitobxoni Pushkinning “Yevgeniy Onegin” sheʼriy romani, Lermontovning “Maskarad”, Molyerning “Tartyuf” dramalari, shuningdek, antik adabiyoti namunalarini Oybek tarjimasida oʻqishga muyassar boʻlgan.
Oybek 1943 yilda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasiga haqiqiy aʼzo etib saylangan va 1950 yilgacha akademiyada ijtimoiy fanlar boʻlimining raisi lavozimida ishlagan. U yuqori malakali filologlar tayyorlashga katta hissa qoʻshgan ustozdir.
Oʻzbekiston xalq yozuvchisi (1965), Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofoti sovrindori unvonlariga sazovor boʻlgan.
Yozuvchi asarlari oʻzbek adabiyotining jahonaro shuhratini yanada oshirdi. Ustoz mahorati yosh yozuvchilar uchun ijod dorilfununiga aylandi. Oybekning oʻlmas asarlari maʼnaviy xazinamizdan mustahkam oʻrin oldi va umumxalq mulki boʻlib qoldi.
Oybek 1968 yil 1 iyulda 63 yoshida vafot etgan. Vafotidan soʻng uning 20 jildlik toʻla asarlari majmuasi nashr etilgan. “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan (2001).

 

OʻzA