Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi matbuot xizmatining OʻzAga maʼlum qilishicha, joriy yilning 15 yanvarida Germaniya poytaxti Berlinda “Buyuk Ipak yoʻli merosi Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasidagi koʻprik vazifasini bajaradi“ mavzusida xalqaro ilmiy-madaniy forumi oʻtkaziladi.
Qayd etilishicha, mazkur yirik tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniya Federativ Respublikasiga rasmiy tashrifi oldidan tashkil etilmoqda. Forum mamlakatimizning Berlindagi elchixonasida “Oʻzbekiston madaniy merosi dunyo toʻplamlarida“ loyihasiga oid kitob-albomlar koʻrgazmasining ochilishi bilan boshlanadi. Koʻrgazmada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tabrik soʻzi bitilgan “Oʻzbekistonning madaniy merosi Germaniya kolleksiyalarida“ illyustratsiyali kitob-albomning taqdimoti ham boʻlib oʻtadi. Ushbu kitob-albom zamonaviy multimedia texnologiyalaridan foydalangan holda chop etilgan boʻlib, uni nafaqat oʻqish, balki mobil qurilmalar orqali 3D taʼsiri bilan tanishib chiqish mumkin.
Forumda Germaniyaning atoqli sanʼatshunos olimlari Berlin, Drezden, Leypsig va Shtutgard muzeylarida “Berlin etnologik muzeyidagi Buxoro amirligidan kolleksiya“, “Gamburg amaliy-dekorativ sanʼat muzeyi toʻplamidan Buyon-Qulixon maqbarasining durdonalari“, “Berlin davlat kutubxonasidagi Alisher Navoiy asarlari qoʻlyozmalari“, “Oʻzbekiston madaniy-tarixiy merosi eksponatlari Bumiller toʻplamida“, “Shtutgartdagi Linden muzeyi sharqiy filialining noyob kolleksiyasi“ kabi mavzularda taqdimotlar oʻtkazadi.
Shuningdek, forum doirasida Germaniya siyosatchilari, olimlari, OAV vakillari ishtirokida “Oʻzbekiston Buyuk Ipak yoʻlining yuragi“ nomi ostida tantanali kecha tashkil etilib, unda “Palov – oʻzbek taomlari brendi“ videoroligining taqdimotini oʻtkazish rejalashtirilgan.
Malohat Husanova, OʻzA