Issiqxonada tomchilatib sugʻorish tizimi joriy etiladi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Amudaryo tumanida umumiy qiymati qariyb 500 ming dollar boʻlgan bir gektarlik issiqxona tashkil qilindi.
1.JPG
“Mangit invest plus” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi Oʻzbekiston – Xitoy qoʻshma korxonasining bir tarmogʻi sifatida ish boshlayotgan issiqxonada tomchilatib sugʻorish tizimi joriy etiladi.
Korxona amalda non va non mahsulotlari, qandolat ishlab chiqarish, chakana savdo, qishloq xoʻjalik mahsulotlarini tayyorlash, import va eksport faoliyati bilan shugʻullanadi. Yangi qurilgan issiqxonada esa asosan pomidor yetishtirilib, uni eksportga yoʻnaltirish moʻljallangan.
2.JPG
– Hozir yerni tayyorlayapmiz, keyin tomchilatib sugʻorish asbob-uskunalarini oʻrnatish boshlanadi, – deydi korxona rahbari Jalgʻasbay Baymuratov. – Bu loyihani amalga oshirish uchun Osiyo taraqqiyot bankidan 477 ming dollar kredit oldik. Oʻz mablagʻimizdan esa 100 million soʻm qoʻshildi. Tajribamdan maʼlum, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun doimiy izlanishda boʻlish kerak. Oʻz yoʻnalishingizdagi jahon tajribalarini ham kuzatib borish, xorijiy davlatlardan hamkorlar topish lozim. Bu oʻrinda internetning ahamiyati katta. Zamonaviy issiqxonani tashkil etishimizda ham global tarmoqning imkoniyatlaridan foydalandik. Tumanimizda internet tezligining pastligi, baʼzi ommabop ijtimoiy tarmoqlarning ishlamayotgani qaysidir maʼnoda biz kabi tadbirkorlar faoliyatiga oʻz taʼsirini koʻrsatmasdan qolmaydi.
11.JPG
Issiqxona Xitoy texnologiyasi boʻyicha ishlaydi, koʻp agrotadbirlar avtomatlashtirilgan usulda amalga oshiriladi. Bu doimiy ish oʻrni bilan taʼminlangan 6 nafar ishchiga qator qulayliklar yaratadi.

 

Yesimxon Qanoatov, OʻzA