Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi Respublika terminologiya markazi tomonidan “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” asosida “Qoraqalpoq tilining izohli lugʻati“ tayyorlanadi.
Bu ishga qoraqalpoq tilshunosligi boʻyicha olimlar jalb etilgan.
– 4 jildlik “Qoraqalpoq tilining izohli lugʻati“ dastlab 1992 yilda nashr qilingan, – deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi terminologiya markazi rahbari, professor Sh.Abdinazimov. – Taraqqiyot bilan birga, tilimizga yangi soʻzlar kirib kelyapti, ayrimlari isteʼmoldan chiqib qolmoqda. Tabiiyki, bu izohli lugʻatni qayta tayyorlashga katta ehtiyoj tugʻdiradi. Masalan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Orol fojiasi oqibatini yumshatish yuzasidan keng koʻlamli ishlar boshlab yuborildi. Shuning bilan leksikamizga “yashil qoplama” degan yangi termin ham kirib keldi. Demak, mamlakatda olib borilayotgan islohotlar ham tilni boyitadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpogʻiston boʻlimi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti direktori, filologiya fanlari nomzodi A.Alniyazovning taʼkidlashicha, izohli lugʻatning toʻldirilgan holatda nashr qilinishi qoraqalpoq adabiy tilining boyishiga, yozilajak asarlar yanada pishiq boʻlishiga xizmat qiladi.
Yigʻilishda qoraqalpoq alifbosini zamonaviy texnologiyalar dasturlariga kiritish, qoraqalpoq tilini “Google tarjimon“ ilovasiga qoʻshish hamda lugʻatlarning elektron variantini yaratish kabi masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Yesimxon Qanoatov, OʻzA