533 ming nafardan ortiq pensionerning pensiya miqdorlari oʻrtacha 65 ming soʻmdan 265 ming soʻmgacha oshadi

Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining matbuot xizmatidan maʼlum qilishlaricha, bugungi kunda mamlakatimizda 118 ming nafardan ziyod ishlovchi pensioner bor. Ularning faqat 40 ming nafari yoki 34 foizi oʻz pensiyalarini toʻliq olishar edi. 78 ming nafardan ortiq yoki 66 foiz ishlovchi pensionerlar bunday imkoniyatdan mahrum boʻlib, pensiyalarining faqat yarmini, yaʼni 50 foizini olib kelishayotgan edi.
Prezidentimizning 2018 yil 12 dekabrda imzolagan farmon bilan joriy yilning 1 yanvaridan boshlab, barcha ishlovchi pensionerlarga pensiyalar toʻliq miqdorda toʻlash toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Bu esa, oʻz navbatida, keksa yoshdagi fuqarolarga pensiyaga chiqqandan keyin ham mamlakatimizning jamoat va ijtimoiy-iqtisodiy hayotida teng ishtirokini taʼminlashga, yoshlarga oʻzlarining kasbiy mahorati, boy hayotiy va mehnat tajribalarini singdirishga imkoniyat yaratadi. Bundan tashqari, yuqori ish haqi hisobidan pensiyaga chiqqan fuqarolarimizga munosib pensiya miqdorini belgilash orqali ijtimoiy adolat prinsipini qaror toptirish maqsadida ushbu farmonda pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdorini eng kam oylik ish haqining 8 barobaridan 10 barobarigacha oshirilishi ham belgilandi.
Amaldagi tartibga asosan, yuqori miqdorda oylik ish haqi oluvchi fuqarolarga pensiyani hisoblashda faqat eng kam oylik ish haqining 8 barobarigacha boʻlgan daromadi inobatga olinib, undan yuqori qismi hisobga olinmas edi.
Misol uchun, oʻrtacha oylik ish haqi – 2200 ming soʻm va ish staji 35 yil boʻlgan fuqaroga amaldagi tartib boʻyicha pensiya hisoblashda 1621 ming soʻm (eng kam ish haqining 8 baravari) inobatga olingan (qolgan qismi, yaʼni 579 ming soʻm hisobga olinmagan). Shundan kelib chiqib ushbu summaning 55 foizi, yaʼni pensiyaning tayanch miqdori (891 550 soʻm) belgilanib, talab etiladigan (25 yil)dan ortiqcha ishlagan 10 yilning har bir yili uchun 1 foizdan qoʻshimcha hisoblanib, pensiyaning umumiy miqdori 1 054 ming soʻmni tashkil etar edi.
Yangi tartib boʻyicha esa, ushbu fuqaroga oʻrtacha oylik ish haqi 1 621 ming soʻm emas, 2 027 ming soʻm (EKIHning 10 baravari) miqdorida hisobga olinadi. Bunda, pensiyaning tayanch miqdori 1 115 ming soʻmni, ortiqcha ishlagan yillar uchun qoʻshimchani hisobga olgan holda pensiyaning umumiy miqdori 1 317 ming soʻmni tashkil etadi yoki 263 ming soʻmga oshadi.
Shuni taʼkidlash kerakki, bu farmon nafaqat 2019 yil 1 yanvardan keyin pensiyaga chiquvchilarga, balki ushbu toifaga tushuvchi hozirgi kunda pensiya olib turgan pensionerlarga ham tatbiq etiladi hamda ularning pensiyalari qayta hisoblab chiqiladi.
Hisob-kitoblarga koʻra, 533 ming nafardan ortiqroq pensionerning pensiya miqdorlari oʻrtacha 65 ming soʻmdan 265 ming soʻmgacha oshadi. Buning uchun 2019 yilda 1,8 trillion soʻm miqdorida mablagʻ talab etiladi.
Qayd etish joizki, mazkur xarajatlar kuni kecha Oliy Majlis Senati tasdiqlagan Davlat byudjeti, xususan Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining 2019 yilgi parametrlarida koʻzda tutilgan boʻlib, Davlat byudjetidan qoʻshimcha mablagʻ ajratishni talab etmaydi.

 

Sayyora Shoyeva, OʻzA