Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi kelgusidagi vazifalar va maqsadlarni roʻyobga chiqarishda bosh dasturilamal hisoblanadi.

Murojaatda ekologik xavfsizlik, suv va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Chunonchi, bugun keng jamoatchilik muhokamasiga havola etilgan2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasi Murojaatnomada belgilab berilgan ustuvor vazifalarni qamrab olgan. Unda ekologik xavfsizlikni taʼminlashga doir chora-tadbirlarga ham alohida oʻrin ajratilgan.

Xususan, Davlat dasturi loyihasining “Tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yoʻnalishlar” nomli 5.2-yoʻnalishida Markaziy Osiyoda suv resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha mintaqaviy dastur konsepsiyasini ishlab chiqish, Orolboʻyi mintaqasida yangi muhofaza etiladigan, jumladan, transchegaraviy tabiiy hududlarni tashkil etish hamda Orolboʻyi hududida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasini yaratish boʻyicha xalqaro anjuman tashkil etish va oʻtkazish kabi tadbirlarni amalga oshirish belgilab berilgan.

Darhaqiqat, soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar davomida mamlakatimiz tabiatdan oqilona foydalanish siyosatini izchil amalga oshirmoqda. Yer va suv resurslarini boshqarish, ekin maydonlarini optimallashtirish hisobiga qishloq xoʻjalik ekinlaridan moʻl hosil olish borasida muayyan yutuqlarga erishildi. Koʻrilgan chora-tadbirlar evaziga har yillik suvni isteʼmol qilishni 14 milliard kub metrga, qishloq xoʻjaligida esa har gektarga suv sarfini ikki barobardan ziyodga kamaytirish, sugʻorilayotgan yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga erishildi.

Orolboʻyi hududida ekologik vaziyatni barqarorlashtirish uchun 5,5 milliard dollar yoʻnaltirildi. Bundan tashqari, xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlardagi hamkorlar bilan birgalikda Orol dengizining qurigan tubida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni yaratish, kollektor-drenaj suvlarini qochirish tizimini yaxshilash, aholi turmush sharoitlari darajasini yuksaltirish boʻyicha loyihalar amalga oshirilmoqda.

Soʻnggi oʻn yil davomida Orolning qurigan tubida saksovul va boshqa tuzga chidamli oʻsimliklar turlaridan qariyb 350 ming gektar oʻrmon barpo etildi. Bunday hududlarning umumiy maydoni qariyb 700 ming gektarni tashkil etdi.

Murojaatnomada maxsus dasturga koʻra, Orol dengizining suvsiz hududida kelasi yilda yana 500 ming gektar oʻrmonzor barpo etilishi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari 2017 yil 19 sentyabrda boʻlib oʻtgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi maʼruzasida jahon hamjamiyatining Orol fojiasiga alohida eʼtiborini qaratdi.

2018 yil 24 avgustda Orolni qutqarish xalqaro fondi muassischi davlatlar rahbarlari Sammitida Prezidentimiz Oʻzbekiston transchegaraviy daryolardan xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan meʼyorlariga rioya etgan holda adolatli va oqilona foydalanish tarafdori boʻlib, Markaziy Osiyo davlatlari bilan suv-ekologik muammolarni konstruktiv va oʻzaro manfaatli asosda, yaxshi qoʻshnichilik ruhida hal etishda yaqin va faol hamkorlikka tayyorligini bildirdi.

Shu bilan birga, Prezidentimiz BMT tomonidan qoʻllab-quvvatlangan hamkorlik asosida Orolboʻyi hududi uchun inson xavfsizligi boʻyicha Trast fondini yaratish tashabbusini ilgari surdi.

Ayni paytda ushbu fond oʻz faoliyatini boshladi. Norvegiya hukumati Trast fondining ilk sarmoyadori boʻldi. Bu qaror jahon hamjamiyati va Markaziy Osiyo mamlakatlarining Orolboʻyi mintaqasidagi dolzarb muammolarni hal etishdagi saʼy-harakatlarini birlashtirish yoʻlidagi birinchi qadam boʻldi.

Shuning uchun ham Murojaatnomada Birlashgan Millatlar Tashkilotining Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida Trast fondining tuzilishi oʻzbek diplomatiyasining katta yutugʻi boʻldi, deb qayd etildi.

Albatta, Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yilida bu boradagi ishlarimizni yanada faollashtirish, investitsiyalar jalb etish, tabiatni asrash, mamlakatimiz ekologik barqarorligini taʼminlash boʻyicha muhim amaliy qadamlar qoʻyiladi. Bunga joriy yilda amalga oshiriladigan Davlat dasturi muhim poydevor boʻladi.

Abdurahim Qurbonov,
 
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Ekoharakat deputatlari guruhi aʼzosi.