Ekspertlar fikricha, mamlakatimizda ekologik toza paxta tolasi yetishtirish borasida boy tajriba to‘plangan. Turli davlatlardan yarmarkada qatnashgan 1 ming 500 dan ortiq mutaxassis bu boradagi ishlarni tahlil qilib, o‘zlariga eng maqbul standartlarni belgilab olish imkoniga ega bo‘ldi.
– Kuzatuvlarimizga ko‘ra, O‘zbekistonda paxta narxida keskin o‘sish va tushishlar kuzatilmayapti, – deydi “Cotton Outlook” xalqaro agentligi bosh muharriri Rey Batler. – Keyingi yillarda AQSh, Hindiston, Xitoyda paxta yetishtirishning ortishi hisobiga joriy yilda dunyoda yaratiladigan paxta xirmoni 27 million tonnadan ortishi kutilmoqda. Bu o‘tgan yilga nisbatan 1,4 million tonna ko‘p demakdir.
Ta’kidlash joizki, bu yilgi yarmarkada O‘zbekiston o‘zining paxta sotish siyosatida yangi strategiyani qo‘lladi. Xususan, eksponatlarning salmoqli qismi to‘qimachilik va yengil sanoat korxonalari mahsulotlaridan iborat bo‘ldi. Bu mamlakatimizda yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan ip-kalava, mato va tayyor mahsulotlar eksporti hajmini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlardan dalolatdir.
Prezidentimizning 2016-yil 21-dekabrdagi “2017-2019-yillarda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida”gi qarori eksportbop mahsulotlar tayyorlash va ularning hajmini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda. Unga ko‘ra, umumiy qiymati 2 milliard 200 million dollarlik 130 dan ortiq investitsiyaviy loyihani amalga oshirish belgilangan.
Bugungi kunda “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati tizimida 450 dan ziyod korxona faoliyat yuritmoqda. Soha korxonalari ichki bozorni tayyor mahsulotlar bilan to‘ldirish barobarida yuqori sifatli ip-kalava, gazlama, trikotaj buyumlar hamda turli dizayndagi kiyim-kechaklarni 50 ziyod mamlakatga eksport qilmoqda. Xususan, o‘tgan yili 1 milliard 146 million dollarlik eksport amaliyoti bajarildi. Joriy yilning oxiriga qadar esa bu ko‘rsatkichni 1 milliard 300 million dollardan oshirish rejalashtirilgan.
Yarmarka mamlakatimizdagi ko‘plab ishlab chiqarish korxonalariga o‘z hamkorlari doirasini yanada kengaytirish imkonini berdi. Ular orasida «O‘zbekengilsanoat» aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi «Mehrigiyo Feruz Yulduz» mas’uliyati cheklangan jamiyati ham bor. Andijonda faoliyat yuritayotgan ushbu korxonada ayollar paltosi ishlab chiqariladi. Bu mahsulotlarning teng yarmi xorijga eksport qilinmoqda.
– Biz 50 turdagi ayollar ustki kiyimlarini ishlab chiqaramiz, – deydi korxonaning savdo bo‘yicha menejeri Nodirbek Bahriddinov. – Bugun mahsulotlarimizni MDH mamlakatlariga eksport qilmoqdamiz. Yarmarkada Yevropa davlatlaridan kelgan tadbirkorlar bilan samarali muzokaralar olib bordik va kelishuvlarga erishdik.
Forum doirasida qator taqdimotlar ham o‘tkazildi. Ulardan biri – “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati, O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari, Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Jahon banki hamkorligidagi barqaror paxtachilikni rivojlantirishga yo‘naltirilgan loyihaning natijalariga bag‘ishlandi. Loyiha dastlabki yetti oyda fermer xo‘jaliklarida paxtani barqaror ravishda yetishtirish standart tizimini joriy etish uchun sinov rejimida joriy etildi. Qishloq xo‘jaligi texnologiyalari diagnostikasi amalga oshirildi. Paxtachilik samaradorligini oshirish va mexanizatsiyalashni joriy etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.
Yarmarkada «O‘zbekengilsanoat» aksiyadorlik jamiyati qoshidagi dizayn markazi modalar ko‘rgazmasini o‘tkazdi. Unda «O‘zteks», «Samo», «Ideal», «Bonita», «Barchinoy», «Chust teks», «Konteks» korxonalari, «Anor Atele», «Gigu», «Sabina Nazar» kabi dizaynerlar guruhlari o‘z to‘plamlarini namoyish etdi.
– Yaqinda Moskva shahrida o‘tkazilgan festivalda qatnashdik,– deydi «Sharq liboslari» dizayn markazi rahbari Kamola G‘ulomova. –Unda markazimizda ayollar uchun «rret-a-porter» yo‘nalishida, tabiiy matolardan tikilgan liboslar dunyodagi yetakchi dizaynerlar va nufuzli hakamlar hay’ati tomonidan yuqori baholanib, oltin medal bilan taqdirlandi. Bugun ham qirqdan ziyod mamlakat vakillariga O‘zbekistonda moda va dizayn sanoati ulkan imkoniyatga ega ekanini yana bir bor namoyon etdik.
XIII Xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasi mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini, xalqimiz farvonligini yanada yuksaltirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘zining yuksak samaralarini berayotganini yana bir bor namoyish etdi. Jahon paxta va to‘qimachilik biznesining muhim voqealaridan biri bo‘lgan mazkur an’anaviy yarmarka O‘zbekiston bilan ishonchli, uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Sayyora Shoyeva, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA