Kreditorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirish mexanizmlar takomillashdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 2018-yil 23-noyabrda “Kreditorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur hujjat mamlakatimizda investitsiya muhitini yanada yaxshilash, toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb etishni ragʻbatlantirish, investorlarning mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish va yuritishga boʻlgan ishonchini mustahkamlashga qaratilgan.

Qarorga koʻra, 2019-yil 1-yanvardan:

• garov bilan taʼminlanmagan kreditorlar talablarini garovga qoʻyilgan mol-mulk qiymatidan qondirish qarzdor oʻz majburiyatlarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan hollarda garov reyestriga qarzdorning mol-mulkiga boʻlgan huquqlari toʻgʻrisida yozuv kiritilgan sanaga koʻra kalendar ketma-ketligida amalga oshiriladi. Bunda, ushbu tartib qarzdorning hisobvaragʻidagi pul mablagʻlari unga qoʻyilgan barcha talablarni qondirish uchun yetarli boʻlmagan taqdirda, pul mablagʻlarini hisobdan chiqarish navbatiga tatbiq etilmaydi;

• garov reyestriga qarzdorning mol-mulkiga boʻlgan huquqlari toʻgʻrisida yozuv kiritgan kreditor-garovga oluvchilar oʻz talablarini qondirishda garov reyestriga tegishli yozuvni kiritmagan kreditor-garovga oluvchilarga nisbatan ustuvor huquqqa ega boʻladilar;

• mol-mulkni xarid qilishni uni taʼminot sifatida qoʻyish evaziga moliyalashtirgan kreditor garov reyestriga tegishli yozuvni kiritgan taqdirda, ushbu mol-mulk hisobidan oʻz talablarini qondirishda ustuvor huquqqa ega boʻladi;

• navbatdagi garovga qoʻyishga garov reyestriga tegishli yozuvni kiritish sharti bilan avvalgi garovga oluvchining roziligisiz ruxsat etiladi;

• garovga qoʻyuvchi tomonidan garov predmetini ijaraga berishga garov reyestriga tegishli yozuvni kiritish va bu haqda garovga oluvchini xabardor etish sharti bilan garovga oluvchining roziligisiz ruxsat etiladi.

Qaror bilan:

• shartnomada oʻzgacha qoida belgilangan boʻlmasa, qarzdorning majburiyatlar bajarilishini taʼminlash uchun taqdim etilgan mol-mulkidan foydalanish yoki uni sotishdan olingan hosil va daromadlarga kreditorning ustuvor huquqi tatbiq etiladi;

• lizing, boʻlib-boʻlib toʻlashni nazarda tutuvchi oldi-sotdi, ijara yoki boshqa bitimlar obyekti boʻlgan hamda ushbu bitimlarda majburiyatlar bajarilishini taʼminlash uchun qoʻyilgan mol-mulkka garov uchun belgilangan undiruv qaratish tartibi tadbiq etiladi;

• yozma bitim mavjud boʻlgan taqdirda, garov predmeti yoki kreditorning majburiyatlari bajarilishini taʼminlash predmeti sifatida qoʻyilgan koʻchar mol-mulkka undiruvni qaratishga sud buyrugʻi instituti tadbiq etiladi.

OʻzA