“Oʻzbektelekom” Prezident topshirigʻini bajarishga tayyormi?

“Oʻzbektelekom” AK Internet tezligini oshirish boʻyicha bajarilgan ishlar haqida hisobot beradi.
Joriy yilning 30 noyabrida Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi telekommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish, IT-texnologiyalarni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari va ularning milliy iqtisodiyotni rivojlantirishdagi oʻrniga bagʻishlangan anjuman oʻtkazadi. Bu haqida “Oʻzbektelekom” AK axborot xizmati maʼlum qildi.
Oʻzbekiston Respublikasi aloqa va axborotlashtirish sohasidagi davlat organlari, tashkilotlar va korxonalari, operatorlar va provayderlar ishtirok etadigan mazkur tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining internet tarmogʻiga chiqish narxlarini pasaytirish, shuningdek, ulanish tezligini oshirish va 2020 yilga kelib MDH davlatlari darajasigacha koʻtarishga oid topshiriqlarini bajarish boʻyicha “Oʻzbektelekom” AK hisoboti taqdim etiladi.
“Oʻtgan 10 oy mobaynida “Oʻzbektelekom” AKda zarur boʻlgan yaxshilanishlar tizimli tahlil qilindi, kerakli qurilmalar sotib olindi, dastur-jadval ishlab chiqilib, tashqi kanal oʻtkazish imkoniyatlarini kengaytirish va operatorlar, provayderlar va oxirgi foydalanuvchilar uchun Internetga chiqish tezligini oshirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi”, deyiladi kompaniya xabarida.
Mazkur anjuman aloqa va axborotlashtirish sohasidagi davlat organlari, tashkilotlari va korxonalari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi operatorlari va provayderlari oʻrtasida AKT sohasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun platforma boʻlib xizmat qilishi aytilmoqda.
Kompaniya tomonidan telegram-bot ishga tushirildi, bu yerda Kompaniyaga bajargan ishlar haqida har qanday savol berish mumkin. Eng yaxshi savollar mualliflari tadbirga taklif etiladi.
Eslatib oʻtamiz, UZTELECOM shu yilning 1 dekabridan amaldagi tarif rejalariga internet tezligini va taqdim etilayotgan trafik hajmini oshirishini maʼlum qilgan edi.

 

OʻzA