Endi Oʻzbekistonda ishlab chiqariladigan oʻsimlik yogʻi uchun aksiz soligʻi undirilmaydi

Texnik chigit endilikda mulkchilik shaklidan qatʼi nazar paxta chigitini qayta ishlash boʻyicha ishlab chiqarish quvvatiga va tegishli sertifikatlarga ega boʻlgan mahalliy korxonalarga ham sotilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentning ayrim qarorlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqida Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali maʼlum qilmoqda.
Kiritilgan oʻzgartishlarga koʻra, Oʻzbekistonda ishlab chiqariladigan oʻsimlik yogʻi (paxta yogʻi) uchun aksiz soligʻi undirilmaydi.
Shuningdek, texnik chigit endilikda mulkchilik shaklidan qatʼi nazar paxta chigitini qayta ishlash boʻyicha ishlab chiqarish quvvatiga va tegishli sertifikatlarga ega boʻlgan mahalliy korxonalarga ham sotilishi mumkin. Ilgarigi tartibga asosan texnik chigit faqat “Oʻzpaxtayogʻ” AJning yogʻ-moy korxonalariga va 23 ta hududiy boshqa korxonalarga sotilar edi.
Bundan tashqari, endilikda paxta chigiti sheluxasi va shroti birja savdolarida erkin sotiladi. Muqaddam bunday tovarlar birja ustamalari va hajmlarni taqsimlash tartibi saqlangan holda sotilgan.

 

OʻzA