O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sooranbay Jeenbekovni oliy davlat lavozimi – Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti etib saylangani munosabati bilan tabrikladi.
“Sizning g‘alabangiz – Qirg‘izistonning birodar xalqi mamlakatingizdagi chuqur tizimli islohotlar va o‘zgarishlarni davom ettirishga, aholi farovonligini yanada oshirishga, jamiyatda tinchlik, barqarorlik va hamjihatlikni ta’minlashga, shuningdek, xalqaro maydonda mamlakatning obro‘-e’tiborini mustahkamlashga qaratilgan reja va dasturlaringizni keng qo‘llab-quvvatlayotganidan dalolatdir”, – deyiladi davlatimiz rahbarining maktubida.
O‘zbekiston tomoni o‘zaro manfaatli ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga katta e’tibor qaratishi va xalqlarimiz manfaati uchun ko‘p qirrali sheriklikni mustahkamlash uchun barcha zarur choralar ko‘rishga tayyor ekanligi ta’kidlandi.
“Ishonchim komilki, so‘nggi yil davomida erishilgan ijobiy siyosiy muloqotning yuksak darajasi va tomonlarning mavjud masalalarni o‘zaro hurmat va umumiy manfaatlarni hisobga olgan holda hal qilishga tarafdorligi yanada rivojlanadi”, – deyiladi maktubda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sooranbay Jeenbekovga mustahkam sog‘lik va mas’uliyatli davlat lavozimida yutuqlar, Qirg‘iziston xalqiga esa tinchlik, xotirjamlik va farovonlik tiladi.