2019 yil byudjetnomasida ilk bor kelayotgan yil ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish prognozlari berildi

2018 yil 17 noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar Oʻzbekiston Respublikasining 2019 yilgi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalarining byudjetlari hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlarini koʻrib chiqdilar.
Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — moliya vaziri J.Qoʻchqorov maʼruza qildi.
Mamlakatning bosh moliyaviy hujjatini taqdim etish amaliyotida birinchi marta 2019–2021 yillarda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari prognozi berildi.
Majlisda qayd etilishicha, 2019 yilda yalpi ichki mahsulotning oʻsishi keyingi yillarda uning ijobiy dinamikasini saqlab qolgan holda 5,4 foiz (2020 yilda 6,0 foiz, 2021 yilda 7,0 foiz) miqdorda boʻlishi nazarda tutilmoqda. Xususan, sanoat ishlab chiqarishi hajmi 4,9 foiz, qurilishda 8,4 foiz, qishloq xoʻjaligida 3,3 foiz va xizmatlar sohasida 6,2 foiz koʻpayadi, asosiy kapitalga investitsiyalar 17,0 foiz, tovarlar va xizmatlar eksporti 15,5 foiz hamda import 6,3 foiz oʻsadi.
2019 yilda soliqlar va majburiy toʻlovlarning turi 19 tadan 15 tagacha kamayadi
2019 yilgi soliq siyosatining asosiy yoʻnalishlari Prezidentimizning 2018 yil 29 iyunda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan.
Unga koʻra, barcha fuqarolar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining yagona stavkasini 12 foiz miqdorida joriy etish, shundan 0,1 foizini shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisob varaqlariga yoʻnaltirish, yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi stavkasini 14 foizdan 12 foizgacha, tijorat banklari uchun 22 foizdan 20 foizgacha pasaytirish, fuqarolarning mehnat haqi tarzidagi daromadlaridan byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga ushlab qolinadigan sugʻurta badallarini bekor qilish nazarda tutilmoqda.
Umuman olganda, taklif etilayotgan chora-tadbirlar amalga oshirilishi hisobiga soliqlar va majburiy toʻlovlarning turi 19 tadan 15 tagacha kamayadi.
Bu haqda, Oʻzbekiston Respublikasining 2019 yilgi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalarining byudjetlari hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlarida qayd etilgan.

 

O’zA