O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq, qo‘shni afg‘on xalqini bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish hamda qo‘shimcha zarur bo‘lgan oziq-ovqat, dori-darmon vositalari va tibbiy buyumlardan iborat insonparvarlik yordam yuki “Salomatlik” poyezdi bilan “Ayritom” chegara-bojxona posti orqali Afg‘onistonga jo‘natildi.

 

Yon qo‘shni mamlakatga yetkazilgan 30 turdan ortiq zarur oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon vositalari va tibbiy buyumlar Hayraton shahrida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, Tashqi ishlar, Transport  vazirligi mutasaddilari, Balx viloyati gubernatori o‘rinbosari Nurullo xodi Abu Idris va boshqa rasmiylar ishtirokida topshirildi.

Insonparvarlik yordami doirasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning “Salomatlik” tibbiy-sanitar yordam poyezdida borgan o‘zbekistonlik turli mutaxassislardan iborat shifokorlar Afg‘onistonning Balx viloyatida bir guruh aholini bepul tibbiy ko‘rikdan ham o‘tkazadi.

Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda ko‘rsatilayotgan beg‘araz yordam va Afg‘oniston — O‘zbekiston o‘rtasida do‘stlik, yaqin qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratayotgan davlatimizga chuqur minnatdorlik bildirildi. Shu yil ish boshlagan “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi ham xalqlarimizning do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotgani qayd etildi.

— Ko‘rsatilgan bu e’tibordan boshimiz ko‘kka yetgudek bo‘ldi,— deydi Balx viloyati sog‘liqni saqlash tashkiloti boshlig‘i o‘rinbosari Saidahmat Shodof. — Aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun o‘zbekistonlik tajribali shifokorlarning kelgani ayni muddao bo‘ldi. Endi odamlarimiz nafaqat tibbiy ko‘rikdan o‘tadi balki, shifokorlarimiz o‘zaro tajriba almashib, sohaga oid ko‘nikmalarini yanada oshiradi.

Tadbir yakunida o‘tmishdan bir daryoning ikki qirg‘og‘ida yashab kelgan ikki qo‘shni xalqqa tinchlik, to‘kinlik tilab, duoga qo‘l ochildi.

Xolmo‘min Mamatrayimov,

O‘zA muxbiri