O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi va Rossiya Federal Soliq xizmati rahbarlari soliq metodologiyasi va soliq ma’muriyatchiligi bo‘yicha o‘quv dasturlarini o‘tkazishda texnik yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi.

– Biz o‘zbekistonlik hamkasblarimizdan o‘rganishimiz kerak bo‘lgan narsalar bor, –deydi Rossiya Federal Soliq xizmati rahbari D.Yegorov. – Men bu yil u yerda bo‘ldim va ular nimalar qilganini ko‘rdim. Hamkorlikda o‘qitish bo‘yicha aloqalarga ko‘proq ahamiyat berish kerak, deb hisoblayman.

Tadbirda keng qamrovli hamkorlik uchun minnatdorlik bildirildi.

– Ishonchim komilki, bugun imzolangan hujjatlar mamlakatlarimiz manfaati uchun xizmat qiladi. Bunday hamkorlik davlatlarimizning soliq organlari salohiyatini oshiradi, – dedi Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev.

Shuningdek, mahsulotlarni raqamli markirovkalash bilan bog‘liq dolzarb masalalar muhokama qilinib, kelgusi yil uchun asosiy yo‘nalishlar belgilab olindi.

Yig‘ilish ishtirokchilari markirovkalangan mahsulotlar muomalasi bilan shug‘ullanuvchi soliq to‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish muhimligini ta’kidladi. Mahsulotlarni kuzatish tizimini takomillashtirish ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda, bu esa bozor shaffofligi va nazorat samaradorligini oshiradi.

Soliq qo‘mitasi delegatsiyasi Robototexnika markaziga tashrif buyurib, u yerda logistika operatsiyalarini optimallashtirish va xarajatlarni minimallashtirishga yordam beruvchi ombor jarayonlarini avtomatlashtirishning ilg‘or texnologiyalari bilan tanishdi.

Sh.Mamaturopova,  

O‘zA