Mamlakatimizda daromadi yuqori bo‘lmagan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarga subsidiyalar ajratilmoqda.

Subsidiyaga oid bir qator savollarga Iqtisodiyot va moliya vazirligi yetakchi mutaxassisi Shahboz Zokirovdan javob oldik.

– Subsidiya asosida uy olgan fuqaro qancha muddat ichida nomiga ko‘chmas mulk olsa bo‘ladi? Bu oldin olingan subsidiyaga qanday ta’sir ko‘rsatadi?    

– Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 25 martdagi “Uy-joy sotib olish uchun fuqarolarga subsidiya to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga ko‘ra, subsidiya er va xotinga bir marta beriladi. Agar fuqaro turmushga chiqmagan yoki uylanmagan bo‘lsa, bu imtiyozdan o‘zi foydalanishi mumkin.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, subsidiya — ipoteka kreditlari asosida uy-joy sotib olish uchun boshlang‘ich badal va (yoki) kredit foizining bir qismini qoplash maqsadida davlat byudjetidan fuqaro uchun bankda uning nomiga ochilgan tegishli hisob-varag‘iga o‘tkazilgan mablag‘. Shahar va qishloq joylarida qurilgan birlamchi bozordagi uy-joylarni sotib olishga ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya to‘lanadigan talabgorlarni tanlash komissiya va mas’ul tashkilotlar tomonidan qonuniylik, shaffoflik, adolat va haqqoniylik tamoyillari asosida amalga oshiriladi. Ipoteka kreditlari bo‘yicha boshlang‘ich badal va foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya olishga 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega.

Shu o‘rinda aytish joiz, subsidiya asosida uy olgan fuqaro nomiga boshqa uy-joy olishi mumkin. Bunda hech qanday cheklov kiritilmagan. Davlatimiz rahbarining tegishli farmoniga asosan 2024 yil 1 maydan boshlab, davlat dasturi doirasida fuqarolar davlat resurslari hisobidan 1 marta ipoteka krediti olishi mumkin. Ikkinchi marta ipoteka kredit olishga yo‘l qo‘yilmaydi. Biroq, bank o‘z resurslari hisobidan ipoteka krediti ajratilishi mumkin.

– Qanday hollarda fuqarolarga ajratilgan subsidiya bekor bo‘ladi?    

– Subsidiya xabarnomasi ajratilgan muddatidan boshlab, 4 oy davomida amalda bo‘ladi. 4 oy davomida bu imtiyozdan foydalanmasa, avtomatik tarzda bekor bo‘ladi. Ikkinchi holatda fuqaro o‘z xohishiga asosan subsidiya xabarnomasini bekor qilishi mumkin.

– Kelgusi yilda subsidiya ajratish bo‘yicha qanday yangiliklar ko‘zda tutilmoqda?    

– Vazirlar Mahkamasining 749-sonli qarori asosida Hukumatning 2020 yil 25 martdagi 182-son qarori bilan tasdiqlangan «Uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun fuqarolarga subsidiya to‘lash tartibi to‘g‘risida»gi nizomiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Bunda asosiy o‘zgarishlardan biri talabgor subsidiya ajratish to‘g‘risidagi xabarnoma olgunga qadar yoki subsidiya xabarnomasining muddati doirasida qurilish tashkiloti bilan tuzilgan birlamchi shartnomani hamda fuqaro o‘ziga tegishli bo‘lgan boshlang‘ich badal mablag‘larini shakllantirgan bo‘lsa, subsidiya mablag‘lari to‘lab berilishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari subsidiya ajratiladigan fuqarolarni tanlab olish va baholash jarayonlari avtomatlashtirildi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligining subsidiya.idm.uz dasturiy ta’minot tizimi Adliya vazirligi, Kadastr agentligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Soliq qo‘mitasi va Ijtimoiy himoya milliy agentligining ma’lumotlar bazalari bilan integratsiya qilindi va integratsiyalashgan tizim orqali ariza beruvchining ma’lumotlari avtomatlashgan tarzda tekshiriladi va baholanadi.

Buning natijasida talabgorlardan kelib tushgan arizalarni ko‘rib chiqish muddatlari 10 ish kunidan 3 ish kuniga qisqarishi va arizalarni ko‘rib chiqishda shaffoflikka erishildi.

Subsidiya ajratiladigan fuqarolarni baholashning ijtimoiy mezonlariga ham o‘zgartirishlar kiritildi. Bunda mezonlar asosida beriladigan ballar tizimi soddalashtirildi. Ya’ni, endilikda ariza beruvchi va/yoki uning oilasining daromadidan kelib chiqib 10 yoki 5 ball berilishi mumkin. Shu bilan birga, «Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza» elektron axborot tizimidan ro‘yxatdan o‘tgan shaxslarga ham qo‘shimcha 5 ball berilishi belgilandi.

Avvalgi tartibda ariza beruvchining taqdim etilgan arizasi asosida ijtimoiy mezonlarga mos kelishini aniqlash va baholashga tuman (shahar) soliq inspeksiyalari, tibbiyot birlashmalari, moliya bo‘limlari hamda oila va xotin-qizlar bo‘limlari mas’ul edi. Endi mazkur funksiyalar Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Adliya vazirligi, Kadastr agentligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Soliq qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi.

Baholashda ariza beruvchi va uning turmush o‘rtog‘ining daromadlari bilan bir qatorda endi kafillik qiluvchilarning yaqin qarindoshlari daromadlari ham hisobga olinadi.

Qaror bilan subsidiyalar bilan qoplanadigan foiz to‘lovlari miqdoriga ham o‘zgartirish kiritildi. Endilikda yangi kreditlar uchun yillik 12 foizdan yuqori qismi, 2025 yildan boshlab esa Markaziy bankning asosiy stavkasidan ortiq qismi qoplanadi.

Boshlang‘ich to‘lov va foizlarning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan 5 ish kuni ichida to‘lanadi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, joriy yilning 1 dekabr holatiga jami 74 ming nafar fuqaroga 1 trillion 243,9 milliard so‘m subsidiya mablag‘lari to‘lab berildi. 61 ming nafar fuqaroga ipoteka kreditlarining foiz xarajatlarini qoplab berish uchun 842 milliard so‘m va 13 ming nafar fuqaroga 393 milliard so‘m boshlang‘ich badal uchun subsidiyalar to‘lab berildi.

Shahnoza Mamaturopova,

Doniyor Yoqubov (video),

O‘zA