Xabar berganimizdek, Samarqandda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida “Men kelajakman” shiori ostida “Kasblar tanlovi”ning respublika bosqichi bellashuvlari o‘tkazildi.
Mahalla yoshlari o‘rtasida kasblar yo‘nalishidagi loyihalarni ommalashtirish, xalqaro darajadagi kasblar tanlovlarida qatnashish uchun iqtidorli yoshlarni saralash va tayyorlash maqsadida tashkil etilgan tanlovda hududiy bosqichlarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan 70 nafardan ortiq yosh liboslar bo‘yicha dizaynerlik, novvoychilik, payvandlash ustasi, elektromontaj ustasi hamda yosh quruvchi yo‘nalishlarida bellashdi.
Ishtirokchilar Samarqand shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi, KOICAning kasbga o‘qitish markazi hamda Qurilish sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash markazida o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha mahoratlarini ko‘rsatdilar. Ularning ishlari malakali hakamlar tomonidan munosib baholandi.
Tanlov yakunlariga ko‘ra, dizaynerlik yo‘nalishida birinchi o‘rin Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridan kelgan Iroda Yusupovaga, novvoychilik yo‘nalishida g‘oliblik Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumani vakili Sabrina Nurullayevaga nasib etdi. Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida yashovchi Ikrom Eshimov elektromontaj ustasi yo‘nalishida, Toshkent shahar Yangihayot tumani vakili Daurbek Davrenov payvandlash ustasi yo‘nalishida hamda Buxoro viloyati Shofirkon tumanidan kelgan Sobirjon Nusratov yosh quruvchi yo‘nalishida birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Bugun Samarqand shahridagi yoshlar markazida tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Yoshlar ishlari agentligi va Samarqand viloyati hokimligi mas’ullari tanlov g‘oliblarga pul mukofotlari va esdalik sovg‘alarini tantanali topshirdi. Shuningdek, faol ishtirokchilar ham munosib rag‘batlantirildi.
Tanlov doirasida ishtirokchilar Samarqanddagi tarixiy-madaniy yodgorliklar va diqqatga sazovor joylarni tomosha qildi, samarqandlik tengdoshlari bilan o‘zaro tajriba almashdi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari