Mamlakatimizda madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish, uning nufuzini jahon miqyosida oshirish, yosh iste’dod egalarining qobiliyati va salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida fidokorona mehnat qilgan va yuqori natijalarga erishgan fuqarolarni rag‘batlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 20 martdagi “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan bo‘lib, ushbu yo‘nalishda samarali mehnat qilgan madaniyat va san’at sohasi vakillari ushbu ko‘krak nishoni bilan taqdirlanmoqda.

Poytaxtimizdagi “Renessans kino uyi”da “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishonini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov inson qalbi, ongi va tafakkurini ezgu g‘oyalar asosida shakllantirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan jonkuyar soha xodimlari faoliyatini e’tirof etishga katta ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladi.

– 2024 yilda vazirlik tomonidan juda ko‘plab tadbirlar, ijodiy loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi, – dedi madaniyat vaziri O.Nazarbekov. – Mamlakatimizda nufuzli xalqaro anjumanlar, tanlovlar, festivallar, hududlarning madaniyat kunlari, xorijiy davlatlarda O‘zbekiston madaniyati kunlari, kino kunlari, mahallalar, qishloq va ovullarda madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi. Bularning barchasini bevosita sohaning fidoyi xodimlarning bilim va salohiyati, iste’dodi va mahorati, tajribasiga suyangan holda o‘tkazdik. Buning uchun barchangizga chin dildan minnatdorlik bildiraman. Shaxsan men sizlarning har biringizni fidoyi deb atagan bo‘lardim. Chunki madaniyat va san’at sohasida faoliyat yuritish oson ish emas. Buni sohaning ichiga kirgan odamgina biladi. Shu ma’noda, har biringiz fidoyisiz.

Tantanali tadbirda milliy madaniyat va san’atimizni rivojlantirish, o‘zbek milliy madaniyati va san’ati nufuzini jahon miqyosida oshirishda fidokorona mehnat qilgan, shuningdek, o‘zining ko‘p yillik samarali mehnati madaniy-ma’rifiy tadbirlarning yuqori saviyada o‘tishida o‘z xizmati, mehnati, fidokorligi bilan ishtirok etgan yurtdoshlarimizning 45 nafariga vazir Ozodbek Nazarbekov tomonidan “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni tantanali topshirildi.

Aytish kerakki, 2024 yil davomida “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni fidokorona mehnat qilgan 300 nafardan ortiq soha vakillariga topshirilgan.

N.Usmonova, O‘zA