Oʻzbekistonda Barqaror rivojlanish boʻyicha milliy maqsad va vazifalar qanday tartibda amalga oshiriladi?

Poytaxtimizdagi “Radisson Blue” mehmonxonasida oʻtkazilgan xalqaro tadbir Oʻzbekistonda Barqaror rivojlanish boʻyicha milliy maqsadlar va vazifalarning mazmun-mohiyatiga bagʻishlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va BMTning mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda qator vazirlik, idoralar, fuqarolik va xalqaro moliyaviy institutlar, BMT agentliklari, diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi raisi Alisher Kurmanov, BMTning mamlakatimizdagi doimiy vakili Helena Freyzer, Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Xideki Mori va boshqalar Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholanayotgani va bu jarayonda ularning ishtiroki mamlakatimizning barcha jabhalarida zamonaviy oʻzgarishlar hamda yangiliklarni tatbiq etishga keng yoʻl ochayotganini taʼkidladi.

IMG_1890.jpg

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-oktyabrdagi “2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq qabul qilingan Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlar, vazifalar va ularni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” taqdimotining xalqaro hamjamiyat eʼtiboriga taqdim etilishi bunga yaqqol misoldir.

Taʼkidlash kerakki, Global maqsadlar deb ataluvchi Barqaror rivojlanish sohasidagi maqsadlar qashshoqlikni tugatish, sayyorani muhofaza qilish, shuningdek, barcha aholi uchun tinchlik va farovonlikni taʼminlashga qaratilgan umumiy dastur hisoblanadi. U oʻz ichiga 2030-yilgacha erishilishi lozim boʻlgan 17 maqsad va 169 vazifani qamrab oladi. Ushbu global dastur 2015-yilning sentyabrida BMTga aʼzo barcha davlatlar qatorida Oʻzbekiston tomonidan ham maʼqullangan.

– Bugungi kunda dunyoning 193 mamlakati ushbu Barqaror rivojlanish boʻyicha maqsadlarni amalga oshirishga oʻz xohishini bildirgan, – dedi BMTning Taraqqiyot dasturi vakili Anvar Meliboyev. – Mamlakatimizda bu borada ham saʼy-harakatlar boshlangan. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 20 oktyabrdagi qarori asosan Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlar va vazifalar hamda ularni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” taqdimotining oʻtkazilishi bu boradagi dastlabki qadamlardandir. Asosiy maqsad esa xalqimizning farovon hayotini taʼminlash, taʼlim, sogʻliqni saqlash, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tengligi, barcha xizmat turlari, qishloq xoʻjaligi kabi sohalarni yaxshilashga qaratilgan. Davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasida qilgan maʼruzasida Barqaror rivojlanish boʻyicha maqsadlarning hukumatimiz tomonidan qabul qilingan Harakatlar strategiyasi bilan chambarchas bogʻliqligini taʼkidlab oʻtgani bejiz emas. Chunki bu har ikkala dastur zamirida yurt taraqqiyoti va xalqimizning farovon hayoti, baxtu kelajagini yaratishdek ulkan maqsadlar mujassamdir.

Qayd etish kerakki, BMT yordamida amalga oshirilayotgan mazkur dasturda iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik yoʻnalishlarda muayyan maqsadlar va vazifalar toʻplami ham koʻzda tutilgan. Tadbirda 2030-yilgacha boʻlgan davrda milliy maqsadlar va vazifalarni amalga oshirishni tashkillashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” taqdim etildi.

IMG_1896.jpg

IMG_1918.jpg
– Oʻzbekistonning barcha jabhalarida oʻzgarishlar kuzatilmoqda, – dedi BMT Taraqqiyot dasturining Istanbul shahridagi hududiy vakolatxonasi menejeri Gerd Trogemann. – Albatta, bu jarayonlar mamlakatingiz ravnaqida muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, bunday jadallik Oʻzbekistonda Barqaror rivojlanish boʻyicha milliy maqsadlar va vazifalarning ijrosida ham qoʻl keladi. Ushbu milliy maqsadlar va vazifalarni monitoring qiluvchi va tavsiya beruvchi ishchi guruh yurtingizdagi barcha sohalarni oʻrganib chiqdi va uning ijrosini taʼminlashda zarur tavsiyalarini beradi. Shu sababli bugungi tadbirda Barqaror rivojlanish boʻyicha milliy maqsadlar va vazifalarni jadallashtirishda 50 ta tavsiya taqdim qildik. Xususan, ushbu tavsiyalar davlat boshqaruvi, ijtimoiy rivojlanish, ekologiya, resurslardan samarali foydalanish sohalari, shuningdek, gender tenglik va inson huquqlariga rioya qilish masalalariga taalluqlidir.

Yakunda mavzu doirasida fikr-mulohazalar va takliflar bildirildi.

 

Shahriyor Mansurov olgan suratlar Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA