Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugiga qarashli harbiy qismlardan birida jangovar tayyorgarlik mashgʻulotlarini oʻtkazishda yangicha usullar qoʻllanildi.
Real jangovar sharoitga yaqinlashtirilgan mashqlar davomida shartli dushman tomonidan amalga oshirilishi mumkin boʻlgan ehtimoliy harakatlar inobatga olinib, ularga qarshi hujumlar uyushtirildi.
“Shaxsiy tarkibining mashgʻulotlari qurolli toʻqnashuvlarning oʻzgarib borayotgan yoʻnalishlarini hisobga olgan holda tashkillashtirilmoqda. Chuqur izlanishlar natijasida mutaxassisliklar tarkibi, harbiy fanlarni oʻqitishning metod va texnologiyalari hamda oʻquv dasturlari doimiy tarzda yangilanyapti”, deydi mutaxassis ofitser Shavkat Normirzayev.
Bu kabi mashgʻulotlar Oʻzbekistonning oʻtish qiyin boʻlgan togʻli va choʻl hududlarida jangovar vazifalarni bajarish, belgilangan hududlarni tezkorlik bilan bosib oʻtish va qisqa vaqt ichida jangovar qobiliyatni tiklash borasida muntazam tashkil etib kelinmoqda.