Energetik ichimliklarni 18 yoshga toʻlmaganlarga sotgan shaxsga qancha jarima solinadi?

Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Parlament quyi palatasidagi fraksiyasi yigʻilishida Qonunchilik palatasi majlisi muhokamasiga kiritilishi rejalashtirilayotgan bir qator qonun loyihalari koʻrib chiqildi.
Yigʻilishda dastlab ikkinchi oʻqishga tayyorlangan “Oʻzbekiston Respublikasining Konsullik ustaviga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, qonun loyihasi konsullik mansabdor shaxsi, shuningdek, faxriy konsulning huquqiy maqomi, ularni tayinlash va lavozimidan ozod qilish tartibi belgilanishi, amalga oshiriladigan konsullik funksiyalarini tartibga solishni koʻzda tutadi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining repatriatsiyasi hamda pasport va boshqa harakatlanish hujjatlari yoʻqolgan yoxud muddati oʻtgan taqdirda qaytishi uchun guvohnoma berish hamda yashash uchun zaruriy mablagʻlarsiz qolgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga koʻmaklashish boʻyicha tegishli vazifalar belgilanmoqda.
Konsullik ustavining yangi tahrirda qabul qilinishi xalqaro konsullik huquqi norma va tamoyillarining milliy qonunchiligimizga implementatsiyasi jarayonini chuqurlashtirish, konsullik mansabdor shaxslarining faoliyat samaradorligi, javobgarligi va ular tomonidan ishlab chiqilayotgan hujjatlarning sifatini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, boshqa davlatlar bilan doʻstona munosabatlarni rivojlantirish hamda ular bilan savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy va boshqa aloqalarni kengaytirishni taʼminlashga koʻmaklashadi.
Yigʻilish ishtirokchilari “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini muhokamalardan soʻng ikkinchi oʻqishda qabul qildilar. Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga energetik ichimliklarni 18 yoshga toʻlmagan shaxslarga realizatsiya qilish fuqarolarga eng kam ish haqining 5 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 7 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
“Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi toʻgʻrisida”gi qonunda energetik ichimliklar tushunchasiga taʼrif berilmoqda hamda “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunda bunday ichimliklarni isteʼmol qilishning zarari, tavsiya etilmaydigan shaxslar haqidagi axborot mavjud boʻlishi kerakligi, shuningdek, televideniye va radio orqali reklama qilish vaqtlari aniq belgilanmoqda, bolalar va oʻsmirlar uchun moʻljallangan bosma nashrlarda, shuningdek, tibbiyot, sport va taʼlim muassasalarida energetik ichimliklarni reklama qilish taqiqlanmoqda.
Bundan tashqari, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi birinchi oʻqishda muhokama qilindi.
Fraksiya yigʻilishida boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi. Ular yuzasidan fraksiyaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

 

Nurillo Nasriyev, OʻzA