Bu haqda Prezidentimizning joriy yil 30-oktyabrda qabul qilingan “Tovar bozorlarida savdoni yanada erkinlashtirish va raqobatni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida belgilab berildi.

Mamlakatimizda ulgurji va birja savdosi korxonalari faoliyati uchun zarur huquqiy asos keng yaratib berilgan boʻlib, zamonaviy axborot texnologiyalari asosida joriy etilgan holda chakana savdo tarmoqlari jadal rivojlanmoqda, tadbirkorlik subyektlarining moddiy-texnik resurslardan foydalanishi tobora kengaymoqda.

Ammo tovar bozorlarining hozirgi holati, ulgurji va birja savdosining rivojlanish darajasida muammolar saqlanib qolmoqda. Jumladan, savdo aylanmasining kengayishiga, ichki bozorni va ishlab chiqaruvchilarni zarur tovarlar bilan taʼminlashga hamda respublikada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni eksport qilishga toʻsqinlik qilayotgan mavjud muammolar tovar bozorlarida savdoni yanada erkinlashtirish va raqobatni rivojlantirishga oʻz taʼsirini koʻrsatmoqda.

Farmonda savdo mexanizmlarini yanada takomillashtirish, tovarlar bozorida sogʻlom raqobat muhitini rivojlantirish, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari faoliyatining samaradorligini oshirish va xarajatlarini kamaytirish, ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini taʼminlash uchun sharoitlar yaratish maqsadida bir qator chora-tadbirlar belgilab qoʻyildi.

2018-yil 1-noyabrdan boshlab, import boʻyicha olib kelingan yuqori likvidli mahsulot turlarini, egalarining xohishiga koʻra, ichki bozorda, shu jumladan, birja savdolarida cheklovlarsiz sotish uchun imkoniyatlar yaratib beriladi. Xuddi shu sanadan boshlab, yuridik shaxslar, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan naqd pulsiz hisob-kitoblarni oldi-sotdi shartnomalarini tuzmasdan invoys (hisob-faktura) berish orqali korporativ bank kartochkalaridan foydalangan holda amalga oshirilishini nazarda tutuvchi tartibini joriy etish yoʻlga qoʻyiladi.

2019-yil 1-yanvardan tovar-xomashyo birjasi aʼzolarining daromadlariga qimmatli qogʻozlar bozorida brokerlik faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar uchun belgilangan soliqqa tortish shartlari tatbiq etiladi. Xalqaro toʻlov tizimi orqali toʻlangan holda butunjahon Internet tarmogʻi orqali bitta invoys boʻyicha 5 ming dollargacha tovarlarni eksport qilishda xaridor bilan yozma shartnoma tuzish talab etilmaydi va barcha yuridik va jismoniy shaxslarga umumqabul qilingan xalqaro amaliyotga muvofiq hisobot yuritgan holda tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga axborot kiritmasdan hamda pochta aloqa xizmatlari koʻrsatish qoidalariga muvofiq yukning bojxona deklaratsiyasini rasmiylashtirmasdan amalga oshirishga ruxsat etiladi.

 

Muhayyo Toshqorayeva, OʻzA