Joriy yil 10-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasining Germaniyadagi elchixonasida “Xorijiy innovatsion gʻoyalar va texnologiyalar hamda ularni Oʻzbekistonda tatbiq qilish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boʻlib oʻtadi.

Germaniya taraqqiyot koʻrsatkichlari boʻyicha nafaqat Yevropa hamjamiyatida, balki butun dunyoda ham iqtisodiy, ham innovatsion rivojlanish jihatdan eng yetakchi davlatlar qatorida turadi. Ushbu davlatning innovatsion faoliyatini samarali olib borish boʻyicha ilgʻor tajribasi va zamonaviy yutuqlarini oʻrganish hamda mamlakatimizda keng joriy qilish maqsadga muvofiq.

Anjumandan koʻzda tutilgan maqsad — iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda innovatsion faoliyatni keng joriy qilish va modernizatsiya boʻyicha Yevropa Hamjamiyatining rivojlangan davlatlari, xususan Germaniyaning ilgʻor tajribasini oʻrganish hamda Oʻzbekistonda amalga oshirish istiqbollarini muhokama qilish.

Shuningdek, Germaniya va Yevropa davlatlaridagi oʻzbek vatandoshlarimiz tomonidan turli yoʻnalishlarda ishlab chiqilayotgan innovatsion gʻoyalar, yangi texnologik loyihalar bilan yaqindan tanishish hamda ushbu loyihalarni mamlakatimizda amalga oshirishning maʼmuriy, huquqiy asoslari va moliyalashtirish masalalari yuzasidan fikr almashish koʻzda tutilmoqda.

Muhayyo Toshqorayeva, OʻzA