Bu haqda Rossiya yoshlar ittifoqi raisi oʻrinbosari Tatyana Seliverstova Toshkentda oʻtkazilayotgan Oʻzbekiston-Rossiya yoshlar biznes-forumidagi chiqishida maʼlum qildi.
Uning soʻzlariga koʻra, joriy yilning oktyabr oyida ikki mamlakat yoshlarining istiqbolli biznes gʻoyalari va loyihalarini roʻyobga chiqarish maqsadida, Belgorod shahrida Rossiya – Oʻzbekiston birinchi biznes-inkubatori oʻz ishini boshlagan. Endilikda shu yilning dekabr oyida Toshkentda ham hamkorlikda ilk biznes-inkubatori tashkil etiladi.
Forumda soʻzga chiqqan yana bir ishtirokchi, Rossiya yoshlar ittifoqining Xalqaro biznes loyihalar markazi direktori Aleksey Yejovning bildirishicha, ayni vaqtda RFda 20 dan ziyod Rossiya-Xitoy yoshlar biznes-inkubatori faoliyat yuritmoqda.
“Umid qilamizki, istiqbolda hamkorlikda tashkil etiladigan mamlakatlarimiz yoshlarining biznes-inkubatorlari bu raqamga yetibgina qolmay, uni quvib oʻtadi ham. Buning uchun bizda barcha imkoniyat va sharoit bor. Qolaversa, tashkilotlarimizning ayni sohadagi tashabbuslarini hukumatlarimiz izchil qoʻllab-quvvatlamoqda”, – dedi Aleksey Yejov.
Eslatib oʻtamiz, mamlakatimizda Oʻzbekiston-Rossiya yoshlar festivali oʻtkazilmoqda. Oʻzbekiston – Rossiya yoshlar biznes-forumi, turizm mavzusiga bagʻishlangan amaliy konferensiya, yosh jurnalistlar va blogerlar kongressi kabi qator tadbirlarni oʻz ichiga olgan ushbu festival joriy yilning 1 noyabriga qadar davom etadi.
Malohat Husanova, OʻzA