Joriy yilning 14-16 noyabr kunlari poytaxtimizdagi “Oʻzekspomarkaz” milliy koʻrgazmalar majmuasida “Qoʻriqlash, xavfsizlik va yongʻinga qarshi himoya – Securika Central Asia 2018” oʻninchi xalqaro koʻrgazmasi boʻlib oʻtadi.
Unda yettita mamlakatdan oʻnlab kompaniyalar oʻz mahsulotlarini namoyish etish imkoniyatiga ega boʻladi.
“Iteca Exhibitions” xalqaro koʻrgazmalar kompaniyasi tomonidan va bir qator tashkilotlar koʻmagida tashkil etilayotgan koʻrgazmada jamoat xavfsizligi tizimlarini takomillashtirish, ishlab chiqaruvchi va isteʼmolchilar, muayyan distribyutorlar va xavfsizlik sanoati professionallari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi.
Mahalliy va xorijiy kompaniyalar, qoʻriqlash texnik vositalari, xavfsizlik va yongʻinga qarshi himoya vositalari ishlab chiqaruvchilar, xavfsizlik tizimlarini oʻrnatish boʻyicha mutaxassislar, xavfsizlikni taʼminlashga zarur boʻlgan tovarlarning chakana va ulgurji savdosi bilan shugʻullanuvchi korxonalar vakillari ushbu nufuzli va anʼanaviy tadbirning asosiy ishtirokchilaridir.
Soha yangiliklari bilan tanishish, yangi mijozlarni jalb qilish, qoʻriqlash texnik vositalari, xavfsizlikni taʼminlash va yongʻinga qarshi himoya uskunalarini sotish hajmlarini oshirishda mazkur koʻrgazma qulay biznes maydon sifatida xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.