Toshkentda 23-oktyabr kuni Oʻzbekiston – Amerika biznes-forumi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va Amerika – Oʻzbekiston savdo palatasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ikki mamlakat hukumati aʼzolari, ishbilarmon doiralari, yetakchi kompaniya va korxonalar vakillari ishtirok etdi.

Forumning ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi Suhrob Xolmurodov, Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev, AQSH savdo vaziri Uilbur Ross, Amerika – Oʻzbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm soʻzga chiqdi.

Yuqori martabali mehmonlar Amerika tomoni Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Oʻzbekistonda ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash, iqtisodiyotni erkinlashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan barcha saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi.

Oʻzbekiston – AQSH iqtisodiy hamkorligi tobora kengaymoqda. Amerika – Oʻzbekiston savdo palatasi ikki mamlakat kompaniyalari va korxonalari oʻrtasida ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni rivojlantirish bilan bu jarayonga oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda.

Bugungi kunda Amerika – Oʻzbekiston savdo palatasiga AQSHning jahonga mashhur 37 ta kompaniyasi, investitsiya korporatsiyalari va banklari aʼzo. Ular safida “Procter & Gamble”, “ExxonMobil”, “John Deere”, “Visa”, “Medtronic” kabi dunyoga mashhur brendlar ham bor.

Forumda Oʻzbekiston va AQSH iqtisodiy hamkorligining bugungi holati va istiqboli atroflicha muhokama qilindi.

Joriy yilning 9 oyi davomida Amerika kompaniyalarining faol hamkorligi samarasida mamlakatlarimiz savdo aylanmasi 2 baravarga oshib, 332 million dollarni tashkil etgan. Ayni paytda yurtimizda AQSH kompaniyalari ishtirokida 210 ta korxona faoliyat koʻrsatmoqda. Yil boshidan buyon 25 ta yangi korxona ish boshlagan.

Oʻzbekiston iqtisodiyotiga AQSHdan 1 milliard dollardan ziyod investitsiya va kreditlar yoʻnaltirilgan. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirzyoyevning joriy yil may oyida Amerika Qoʻshma Shtatlariga rasmiy tashrifi doirasida qishloq xoʻjaligi, energetika, kimyo, moliya, turizm, toʻqimachilik sanoati, sogʻliqni saqlash va raqamli texnologiyalar sohalari boʻyicha jami qiymati 4,8 milliard dollarga teng loyihalarni amalga oshirish yuzasidan yangi kelishuvlar imzolangan.

Tadbir davomida mamlakatimizning investitsiyaviy salohiyati, ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari, xalqaro moliyaviy institutlar, “CNH Industrial“, “General Electric“, “Coca-Sola Company“, “John Deere“ kabi kompaniyalar koʻmagida oʻzaro savdoni qoʻllab-quvvatlash, yangi loyihalarni moliyalishtirish kabi masalalarga bagʻishlangan yalpi yigʻilishlar tashkil etildi. Shuningdek, Oʻzbekiston va AQSHning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorligini mustahkamlashga yoʻnaltirilgan hujjatlar imzolandi.

– Shu yil may oyida “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati va Amerikaning “Air Products” kompaniyasi oʻrtasida memorandum imzolangan, – dedi “Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchisi Bahrom Ashrafxonov. – Oʻtgan vaqt davomida ishchi guruhi tuzilib, mamlakatimizda sanoat gazlari va yangi texnologiya asosida metanoldan olefin ishlab chiqarish loyihalari oʻrganib chiqildi. Ushbu biznes-forum doirasida “Air Products” bilan metanoldan olefin ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish boʻyicha bitim imzoladik. Bitimning qiymati 2 milliard dollarga teng boʻlib, unga koʻra kompaniya oʻz mutaxassislarini olib kelib, loyihaning samarador jihatlarini koʻrib chiqadi va boshlangʻich texnik asoslarini shakllantiradi.

Forum doirasida Amerika – Oʻzbekiston savdo palatasining majlisi oʻtkazildi. Ushbu tadbir ham AQSH savdo vaziri ishtirokida oʻtdi. Tadbirda palataga aʼzo Amerika kompaniyalari oʻzbekistonlik hamkorlar bilan muzokaralar olib bordi.

 

Malohat Husanova, OʻzA