Yaponiyaning Osaka shahrida oʻtkazilayotgan biznes forumda “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi vakillari ishtirok etmoqda.
Forum ishtirokchilariga soʻnggi ikki yilda Oʻzbekistonda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar, ipakchilik tarmogʻida yaratilgan sharoitlar, soha korxonalari faoliyati va mamlakatimiz qayta ishlash korxonalarida ishlab chiqarilayotgan eksportbop ipak mahsulotlari toʻgʻrisida maʼlumotlar berildi.
Yapon ishbilarmonlarida “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi raisi oʻrinbosari O.Jumayev, “Yodgorlik“ korxonasi bosh direktori A.Abdullayev, “Nurli tong silk“ korxonasi bosh direktori M.Qosimov, “Xatirchi pilla xazinasi“ korxonasi direktori U.Mamanov va “Xorazm ipagi“ korxonasi direktori Yu.Matkarimovlarning yurtimizda ipakchilik sanoatida amalga oshirilayotgan islohotlar, qulay biznes muhiti borasidagi taqdimoti qiziqish uygʻotdi.
– Maqsad aniq, hisob-kitobga asoslangan, harakat bor va natija ham yomonmas, – deydi “Yodgorlik“ korxonasi bosh direktori A.Abdullayev. – Yuqori darajadagi va oʻziga xos dizaynga ega, bozorgir va eksportbop ipak gilamlarimiz yaponlarni lol qoldirmoqda.
Kioto – Yaponiyaning qadimiy poytaxti, barcha milliy urf-odatlar saqlanib qolgan shahar. Bu yerda ipakdan toʻqilgan milliy libosdagi yaponlarni koʻplab uchratish mumkin.
Forum ishtirokchilari kunning ikkinchi yarmida Yaponiyaning eng yirik ipakchilik kompaniyalari joylashgan bu shaharga sayohat qildi.
Unda Yaponiya bozoriga oʻzbek ipak mahsulotlarini olib kirish va yapon investorlarini Oʻzbekistonga jalb qilish yuzasidan muzokaralar olib borildi.
Shuningdek, “Ӯzbekipaksanoat“ uyushmasi va Massui Co.Ltd oʻrtasida Tokio shahrida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida kelishuv bitimi imzolandi.
Sayyora Shoyeva, OʻzA