Toshkentda VIII “Markaziy Osiyo savdo forumi“ boshlandi

Poytaxtimizdagi “Yoshlar ijod saroyida“ 17-oktyabr kuni VIII “Markaziy Osiyo savdo forumi“ oʻz ishini boshladi.

AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi tomonidan qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirning ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari, vazirlik va idoralar, mamlakatimiz va xorijiy davlatlar ishbilarmon doiralari, diplomatik korpus, axborot-tahlil markazlari, bank-moliya, sanoat, ishlab chiqarish, taʼlim sohasi uchun masʼul tashkilot va kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Nodir Otajonov, AQSHning Janubiy va Markaziy Osiyodagi savdo ishlari boʻyicha vakili yordamchisi Mark Linskott, USAIDning Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Kristofer Edvards anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan mazkur forum dunyo boʻyicha 70 milliondan ziyod hamkor va biznes doiralar vakillarini oʻz atrofiga birlashtirishini taʼkidladi.

Forum Markaziy Osiyo mamlakatlarida raqobatbardoshlikni oshirish, savdo faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, mavjud toʻsiqlarni bartaraf etish, yangi ish oʻrinlari yaratish kabi maqsadlarga qaratilgan. Ushbu loyiha mintaqaning beshta mamlakatida meva-sabzavotchilik, turizm, transport va logistika sohalarini jadal rivojlantirish, ularning jahon bozoriga integratsiyalashuviga koʻmaklashish, eksportni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashni nazarda tutadi.

20.jpg

26.jpg
Ushbu forum Oʻzbekiston – Amerika Qoʻshma Shtatlari savdo-iqtisodiy hamkorligida yangi bosqich boshlangan joriy yilda mamlakatimizda oʻtkazilayotgani bilan ahamiyatlidir. “Savdo va investitsiyalarni rivojlantirishda yangi istiqbollar“ mavzusida tashkil etilgan tadbirda Markaziy va Janubiy Osiyo, Yevropa va Amerika Qoʻshma Shtatlari kabi jami 27 mamlakatdan kelgan davlat va xususiy sektorning 2000 dan ziyod vakili qatnashmoqda. Bu Markaziy Osiyoning mintaqaviy va xalqaro savdo uchun ochiqligiga yana bir dalildir.

Ushbu biznes tadbir savdoni moliyalashtirishga eʼtibor qaratgan holda, Oʻzbekistonda iqtisodiy oʻsish surʼatlarini oshirishga, investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga, turizmni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yanada kengaytirishga imkon yaratadi.

Tadbirda qayd etilganidek, keyingi yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlarining oʻzaro savdo munosabatlarini yaxshilash borasida qator ishlar bajarildi. Bojxona tariflari pasaytirilib, soliq yuki yengillashtirildi. Erkin savdo tizimi imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda tovar ayirboshlash hajmini sezilarli oshirish imkoni yaratildi.

Birgina misol, joriy yilning 9 oyi mobaynida Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo va qoʻshni Afgʻoniston bilan savdo aylanmasi hajmi 38,2 foizga oshdi. Jumladan, Tojikiston bilan oʻzaro savdo hajmi qariyb 60 foiz oʻsgan. Qozogʻiston va Qirgʻiziston bilan tovar ayirboshlash hajmi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 45 foizga ortgani mamlakatimiz iqtisodiyotining qoʻshni davlatlar bilan bir-birini toʻldirish tamoyiliga asoslangan holda rivojlanayotganini koʻrsatadi. Biroq hali ishga solinmagan imkoniyatlar koʻp. Bugungi tashqi savdo hajmi mintaqa salohiyatiga toʻliq mos kelmaydi.

– Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan integratsiyalashuvni taʼminlashga qaratilgan islohotlar amalga oshirilmoqda, – deydi AQSHning mamlakatimizdagi muvaqqat ishlar vakili Alan Meltser. – Buning natijasida hududda rivojlanishning ijobiy dinamikasi kuzatilmoqda. Mazkur forum ushbu jarayonda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, gʻoyalar almashish va yangi bozorlarga kirish imkonini beradigan masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashish uchun qulay sharoit yaratadi.

Shoʻba majlislarida davom etgan forumda mintaqada ishlab chiqarishni moliyalashtirish uchun muqobil kapital manbasini topish, turizmni yanada rivojlantirishda ijtimoiy media va raqamli infratuzilmaning ahamiyati, Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishdagi afzalliklar kabi muhim masalalar atroflicha muhokama qilindi.

46.jpg

63.jpg
Anjumanda, shuningdek, ilm-fan, texnologiyalar va sanʼat sohalarida xotin-qizlar ishtirokini oshirish, ular tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash, bu borada mavjud toʻsiqlarni bartaraf etishga qaratilgan maʼruzalar tinglandi, taqdimotlar tashkil qilindi.

Markaziy Osiyo savdo forumi doirasida savdo koʻrgazmasi ham tashkil qilindi. Unda Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Afgʻoniston, Pokiston, shuningdek, AQSH, Italiya, Niderlandiya, Yaponiya, Germaniyaning turli tarmoqlar, jumladan, transport, turizm, axborot texnologiyalari, asbob-uskunalar ishlab chiqarish, meva-cabzavot yetishtirish va qayta ishlash korxonalari, kompaniya va firmalarning 100 dan ziyod vakillari ishtirok etmoqda.

 

Ulugʻbek Shonazarov, Farhod Abdurasulov (surat), OʻzA