Xayrli maqsad yoʻlidagi hamkorlik

Dunyo mamlakatlari va xalqlari uchun tinchlik va osoyishtalik – eng oliy neʼmatdir. Bugungi murakkab vaziyatda davlatlar hamda xalqlar oʻrtasidagi oʻzaro ishonch, hamjihatlik va doʻstona aloqalarning oʻrnatilishi ana shu haqiqatni yana bir karra isbotlamoqda.
Respublikamiz mustaqil davlat sifatida dunyo sahniga koʻtarilgach, doʻstlik, hamjihatlik va tenglik tamoyili asosida oʻz siyosatini qatʼiy va dadil yuritib kelmoqda. Milliy va xalqaro manfaatlarimizga toʻliq javob beradigan Taraqqiyot strategiyamiz dunyo siyosatida mustahkam oʻrin egallashimiz uchun yoʻl ochmoqda.
Janubiy Koreya muhim strategik sheriklarimizdan biridir. Tinchlik, ezgulik va hamjihatlik siyosati asosida taraqqiy etib kelayotgan ushbu mamlakat taraqqiyoti sobitqadamlik bilan davom etib kelmoqda. Maʼlumki, oʻtgan yili mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Prezidentining taklifiga binoan 22-24 noyabr kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda boʻldi. Unda davlatimiz rahbari shunday taʼkidlagan edi: “Koreys maqoliga koʻra, “Qiyin vaziyatda topilgan doʻst – chinakam doʻstdir”. Bu bizning oʻzbek xalq maqoliga juda ham oʻxshaydi: “Doʻst boshga kulfat tushganda bilinar”. Bugungi kunda Oʻzbekistonda 200 mingdan ortiq koreys millatiga mansub aholi yashaydi. Ular oʻzlariga ikkinchi Vatanni kashf etdilar, yurtimizning munosib oʻgʻil-qizlari, biz chindan-da faxrlana oladigan qadrli fuqarolarimizga aylandilar.
Bugungi kunda Prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy tashabbusi bilan har ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlik koʻlami yanada kengaydi. Bu hamkorligimiz savdo, sarmoya, yoqilgʻi-energetika, kimyo, togʻ-kon sanoati, yengil sanoat, oziq-ovqat sanoati, transport va logistika, avtomobilsozlik, qishloq xoʻjaligi, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalar, tibbiyot, turizm, fan-taʼlim va madaniyat kabi koʻplab sohalarni qamrab olgan.
Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi bunday aloqalar sogʻliqni saqlash, milliy genofondimizni asrab-avaylash, kelajak avlod salomatligini muhofaza qilish borasida ham keng quloch yoyganini koʻrish mumkin.
Xususan, “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi “KOFIN” Koreya xalqaro sogʻliqni saqlash fondi, “JCI” xalqaro yoshlar tashkiloti, “SEJONG”, “Yonsei University Severance Hospital” va “INHA” gospitallari, “Soo and Jin Corporation” fondi, “Ewha Womans University” universiteti, “Save the children”, “Vision Care Service”, “Siloam Center for the Blind” xalqaro tashkilotlari hamda “Shin Dong Resoures Co. Ltd” kompaniyasi kabi bir qator sogʻliqni saqlash yoʻnalishidagi muassasa va tashkilotlar bilan hamkorlik qilayotir.
Ularning hamkorlik faoliyati haqidagi ayrim maʼlumotlarni keltirib oʻtsak. 2006 yilda “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va Koreya xalqaro fondi – doktor Li Jong Vuk xotira fondi oʻrtasida uzoq istiqbolli shartnoma imzolangan edi. Oʻsha yili “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi bilan Oʻrta Chirchiq tuman bolalar shifoxonasini rekonstruksiya qilish va tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash borasida 500 ming AQSH dollari miqdoridagi hamkorlik kelishuvi imzolandi. Bu tibbiy muassasada oʻsha yiliyoq yuqori lablar va tanglay kengayishi tashxisi qoʻyilgan bolalarda yuqori sifatli bir necha operatsiya muvaffaqiyatli oʻtkazildi.
2010 yilda “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tibbiy-ijtimoiy markazini qayta tashkil etish boʻyicha loyiha amalga oshirildi. Loyiha doirasida ushbu markazning yangi binosi qurilishi va tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanishi, markaz xodimlarini Koreya tibbiy muassasalarida oʻqitish koʻzda tutilgan edi.
2018 yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasidan 46 nafar mutaxassis Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi yoʻllanmasi bilan Koreya Respublikasi gospitallarida bepul asosda tajriba oʻtab kelishdi.
2014 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro fondi hamda “Ewha Womans University” universiteti oʻrtasida tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha hamkorlik kelishuvi imzolangan edi. Mazkur kelishuv asosida 2014-2017 yillar davomida 3467 kishi tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Shuni alohida qayd etish joizki, mazkur tibbiy koʻrikka Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikalari shifokorlari jalb qilindi. Ular koreyalik hamkasblari bilan Fargʻona va Namangan viloyatlari aholisini tibbiy koʻrikdan oʻtkazdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Inha universiteti gospitali, “Sogʻlom avlod uchun” fondi oʻrtasidagi mamlakatimiz aholisiga tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha tuzilgan uzoq muddatli hamkorlik kelishuvi doirasida har yili gospital shifokorlari, tibbiyot xodimlari va koʻngillilar Toshkent shahri, Toshkent, Navoiy va boshqa viloyatlar aholisini tibbiy koʻrikdan oʻtkazish maqsadida Oʻzbekistonga tashrif buyuradi.2010-2017 yillarda ana shunday xayriya aksiyalari muvaffaqiyatli oʻtkazildi.
Maʼlumki, “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va Janubiy Koreyaning xalqaro tashkilotlari oʻrtasida bemor va nogiron bolalarni sogʻlomlashtirish boʻyicha muntazam chora-tadbirlar amalga oshirib kelinayotir. Xususan, 2011 yildan buyon Fond tomonidan yurak tugʻma nuqsonlari boʻlgan bemor bolalarni sogʻlomlashtirish dasturi amalga oshirib kelinadi. 2011-2015yillar davomida respublikamizning barcha viloyatlarida 245 nafar tugʻma yurak nuqsoni bor bolalar Janubiy Koreyaning “Save the children” xalqaro tashkiloti koʻmagi bilan Toshkent pediatriya tibbiyot instituti kardioxirurgiya boʻlimida operatsiya qilinib, sogʻlomlashtirildi.
Kam taʼminlangan oilalardagi tugʻma yurak nuqsonlari boʻlgan nogiron bolalarning xastaligini bartaraf qilish uchun zarur tibbiyot anjomlari “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va homiy tashkilotlar koʻmagida yetkazib berilmoqda.
Joriy yilning 28 aprel kuni Janubiy Koreyaning “Junior Chamber International – JCI” xalqaro yoshlar tashkiloti koʻmagida tugʻma yurak nuqsoni boʻlgan 36 nafar bola tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, ularga tegishli muolajalar koʻrsatildi. Ularning 5 nafari esa Sedjong klinikasida operatsiya qilindi. Mazkur xalqaro yoshlar tashkiloti koʻmagida jami 45 nafar tugʻma yurak nuqsoni bor boʻlgan bolalar operatsiya qilindi.
2018 yilda “Vision Care Service” xalqaro tashkiloti mutaxassislari bilan hamkorlikda Buxoro viloyati koʻp tarmoqli tibbiyot markazida xayriya aksiyasi oʻtkazildi. Unda mazkur viloyatdagi 858 nafar kishi oftolmologik koʻrikdan oʻtkazildi va 112 nafar bemorga kataraktani bartaraf etish muolajasi oʻtkazildi. 2015-2018 yillar davomida koreyalik mutaxassislar tomonidan 4630 nafar aholi tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, 697 nafari xayriya asosida operatsiya qilindi.
Koreyaning “Siloam Center for the Blind” xayriya tashkiloti bilan ham keng hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.
2015-2016 yillarda Toshkent shahridagi koʻzi ojizlar uchun maxsus maktabning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun 9746,8 AQSH dollari miqdorida, Angren shahridagi jismoniy imkoniyati cheklangan bolalarga moʻljallangan 58-umumtaʼlim maktabi uchun 61,750 AQSH dollari, Yangiyoʻl shahridagi 70-ixtisoslashgan maktab moddiy-texnik bazasi uchun 34,189 AQSH dollari miqdorida moddiy yordam koʻrsatildi. Mazkur grant mablagʻlariga tibbiyot uskunalari, oʻquv va sport anjomlari hamda Brayl alifbosidagi maxsus qogʻozlar xarid qilindi.
Janubiy Koreya Respublikasi bilan tibbiyot sohasida oʻzaro hamkorlik keng koʻlamda olib borilmoqda.
Hozirgi kunda “KOFIN” Koreya xalqaro sogʻliqni saqlash fondi va “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi oʻrtasida biologik va tibbiy muhandislarni oʻqitish boʻyicha qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda. Har yili Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bazasida davolash-profilaktik muassasalar muhandislari uchun tibbiy texnikalardan foydalanish boʻyicha seminar oʻtkaziladi. Jumladan, joriy yilda ushbu ilmiy markaz bazasida 46 nafar muhandis va texnik mutaxassislarga zamonaviy tibbiy texnikadan foydalanish sir-asrorlari oʻrgatildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi mutaxassislari malakasini oshirish boʻyicha Memorandumga muvofiq, 2017-2018 yillarda oftalmologiya sohasi boʻyicha 5 nafar hamda reabilitatsiya va fizioterapiya sohasida faoliyat yurituvchi 15 nafar mutaxassis Koreyada malaka oshirib qaytdi. Ular endilikda oʻz malaka va tajribalarini tibbiyot maskanlarida qoʻllab, aholi salomatligi yoʻlida xizmat qilayotir.
“Probono International Corporation” hamkorligi boʻyicha xalqaro fond va “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi oʻrtasida tuzilgan “Aholi salomatligi yoʻlida” loyihasi doirasida 2016-2017 yillarda Toshkent viloyatida 3362 kishi tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi.
Maʼlumot sifatida joriy yilning 6-10 iyun kunlari Koreya universiteti tibbiyot markazi prezidenti hamda boshqarma raisi, tibbiyot muammolari boʻyicha vitse-prezident, professor Li Ki Xeng rahbarligidagi delegatsiya tashrifini alohida qayd etib oʻtish joiz. Unda klinik yoʻnalish boʻyicha hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida Toshkent tibbiyot akademiyasi va Koreya universiteti tibbiyot markazi oʻrtasida xodimlarni amaliy oʻqitish hamda malakasini oshirish boʻyicha Bitim imzolandi.
Joriy yil may oyida “Suadjin” fondi, “Sedjong” gospitali, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi oʻrtasida imzolangan kelishuvga asosan, Oʻzbekistonning barcha viloyatlarida 12 nafar bemor bolalar va ularning ota-onalari Janubiy Koreyada boʻlishdi. Bolalar qoʻshimcha tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi va ularda tugʻma yurak nuqsonini bartaraf etish operatsiyalari amalga oshirildi. Bemor bolalar va ularning ota-onalarining Koreyaga safari bilan bogʻliq transport va operatsiya xarajatlari “Suadjin” fondi tomonidan qoplandi.
Bunday saxovat, bagʻrikenglik, yuksak insoniy munosabatlar ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikning yangi, yanada yuqori bosqichga koʻtarilganidan dalolatdir.
18 sentyabrdan 1 oktyabrga qadar Janubiy Koreyaga amalga oshirilgan tashrif asnosida mamlakatdagi bir qator davlat tuzilmalari vakillari, nodavlat tashkilotlar, xayriya fondlari hamda tadbirkor va homiylar bilan uchrashuvlar oʻtkazildi. Murakkab tibbiy operatsiyalarga muhtojlarga yordam koʻrsatish boʻyicha hamkorlik, xususan, “Rotary Club of Gwangju-Ibseog” biznes-markazi, “Himchan Hospital Joints and Spines” va “Sooncheon Foundation Chung Hospital” gospitallari bilan shartnomalar imzolandi.
Barcha tashabbuslar va xayriya aksiyalarini oʻtkazishda Oʻzbekistondagi Janubiy Koreya elchixonasi va Koreya Respublikasidagi Oʻzbekiston elchixonasi bizga katta yordam berdi.
“Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi koreyalik hamkorlar bilan birgalikda navqiron avlodni voyaga yetkazish, onalik va bolalikni tibbiy-ijtimoiy muhofaza qilish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Eng muhimi, ularning barchasi oʻzining ijobiy natijalarini bermoqda. Samimiy doʻstlik va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlar kelgusida ham jadal taraqqiy etaveradi, deb ishonamiz. Chunki xayrli maqsadlarga erishish yoʻlidagi doʻstlik va hamkorlik sarhad bilmaydi.
Svetlana Inomova,
“Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya
fondi boshqaruvi raisi.

 

OʻzA