Bugun mamlakatimiz taraqqiyotining asosini tashkil etgan Harakatlar strategiyasida oʻzaro manfaatli xalqaro aloqalar alohida oʻrin tutadi.

Maʼlumki, keyingi yillarda Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi doʻstlik, strategik sheriklik munosabatlari jadal rivojlanib, mustahkamlanib bormoqda. Ushbu hamkorlikni yanada faollashtirish maqsadida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimiz hududlarining Rossiya oblastlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri mustahkam aloqalari yoʻlga qoʻyildi. Bu, ayniqsa, joriy yilning 18-19 oktyabr kunlari Toshkentda oʻtkazilishi rejalashtirilgan Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi hududlararo hamkorlik birinchi forumi doirasida amalga oshiriladigan hayotiy loyihalarda ham oʻz aksini topadi.

Oʻz navbatida, joriy yilning sentyabr oyida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining rahbarlari boshchiligidagi delegatsiyalar Rossiyaning koʻpgina hududlarida boʻlib, oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalarini oʻrnatdi.

 
Teng manfaatli hamkorlik


Rossiya Oʻzbekistonning yirik savdo va investitsiyaviy hamkori hisoblanadi. Bugungi kunda neft-gaz majmui, mashinasozlik, elektrotexnika sanoati, toʻqimachilik, farmatsevtika, oziq-ovqat, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash boʻyicha yirik loyihalar tayyorlanib, amaliyotga tatbiq etilmoqda. Buni raqamlar ham tasdiqlaydi: Oʻzbekiston MDH davlatlari oʻrtasida Rossiya bilan tovar aylanmasi boʻyicha 4-oʻrinda turadi. 2017-yil yakunlariga koʻra, bu koʻrsatkich 3,6 milliard AQSH dollarini tashkil etdi va 33,9 foizga oʻsdi.

Birinchi yarim yillik yakunlari boʻyicha Rossiyaning mamlakatimiz tashqi savdo aylanmasidagi ulushi 16 foizga toʻgʻri keldi. Ikki davlat oʻrtasidagi savdo aylanmasi, 2,5 milliard AQSH dollarini (eksport – 811 million, import – 1,7 milliard dollar) tashkil etdi.

Mamlakatimizda Rossiya Federatsiyasi kapitali ishtirokidagi 1200 ga yaqin korxonalar faoliyat yuritib kelmoqda.

Istiqbolli hamkorlikning yana bir yorqin ifodasi – tomonlar imzolagan hukumatlararo bitimga muvofiq atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida strategik loyihani amalga oshirishga kirishildi.

Maʼlumki, davlatlar oʻrtasida iqtisodiy aloqalarda hududlararo hamkorlik muhim oʻrin tutadi. Hozirda mamlakatimiz xoʻjalik yurituvchi subyektlari Rossiyaning Moskva, Sankt-Peterburg shaharlari, Tatariston Respublikasi, Altay, Krasnodar oʻlkalari, Chelyabinsk, Novosibirsk, Sverdlovsk, Tyumen, Ivanovo singari sanoati rivojlangan hududlaridagi korxonalar bilan hamkorlik qilib kelmoqda.

Ikki mamlakat oʻrtasidagi integratsiya jarayonlari chuqurlashuvi hududlarning bevosita iqtisodiy aloqalari koʻlamining kengayishini taqozo etmoqda. Binobarin, bunday moslashuvchan bozor munosabatlari oʻzaro hamkorlik tajribasida sinovdan oʻtgan.

Shu maʼnoda Toshkentda oʻtadigan forum bevosita iqtisodiy aloqalar uchun mustahkam zamin yaratishiga ishonchimiz komil.

Hududlararo forum: tashriflar, tajriba almashishlar, umidbaxsh gʻoyalar

Ilk marotaba oʻtkazilayotgan mazkur forum keng qamrovligi bilan ajralib turadi. Xususan, tadbirda ishtirok etayotgan kontingent darajasining yuqoriligi bilan ahamiyatlidir. Forumga tashrif buyurishi kutilayotgan rasmiy va ishbilarmon doiralar vakillari orasida Rossiya Federatsiyasining iqtisodiy rivojlanish, tashqi ishlar, qishloq xoʻjaligi, taʼlim va fan vazirliklari, yirik kompaniyalar rahbarlari, gubernatorlar, Savdo-sanoat palatasi masʼullari borligi fikrimizning yorqin tasdigʻidir.

Yana bir jihat. Ushbu forumning oʻtkazilishi Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqqanligi bilan ham izohlanadi. Boʻlajak forum doirasida ikki davlat oʻrtasida hududlararo bir qator investitsion kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda. Shuningdek, Rossiyaning yirik shaharlarida viloyatlarimiz savdo uylari va ulgurji taqsimot markazlari, qoʻshma korxonalar faoliyat yuritishini tashkillashtirish ham rejalashtirilgan.

Umuman olganda, Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida birinchi marotaba oʻtkazilayotgan mazkur forum doirasida qator eksport va import shartnomalari tuzilishi koʻzda tutilmoqda. Eʼtiborlisi, ularning aksariyati Oʻzbekistondan eksport qilinadigan mahsulotlar va xizmatlarga oid bitimlardir.

Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi hududlararo hamkorlik birinchi forumi ushbu davlatlarning koʻp qirrali va uzoq muddatli strategik sheriklik munosabatlari har tomonlama mustahkamlanishiga va yanada rivojlanishiga xizmat qilishi tabiiy.

Obiddin Mahmudov,
Oʻzbekiston Respublikasi
Iqtisodiyot vazirligi
Axborot xizmatining bosh mutaxassisi.

 

 

OʻzA