Toshkent viloyati tadbirkorlari belaruslik hamkorlari bilan foydali kelishuvlarga erishdi

Joriy yilning sentyabr oyida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston-Belarus biznes forumida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasida qator kelishuvlar imzolangandi. Toshkent viloyati qishloq xoʻjaligi boshqarmasi boshligʻi S.Shermatov va Savdo-sanoat palatasi Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi F.Mamanov boshchiligidagi tadbirkorlar delegatsiyasi Belarus Respublikasida boʻlib, imzolangan kelishuvlar doirasida muzokaralarni davom ettirdi. 
 
photo5321408143114217812.jpg
Belarus Respublikasi sut va sut mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha dunyoning yetakchi davlatlaridan. Bugungi kunda eksport qilinayotgan sut mahsulotlarining oʻndan bir qismi mazkur mamlakat hissasiga toʻgʻri kelmoqda.
Minsk shahridagi “Minskiy molochnыy zavod №1” OAJ (1929 yilda tashkil etilgan)da kuniga 900 tonna sut qayta ishlanib, 250 turdagi mahsulot ishlab chiqariladi. Zavodda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning 40 foizdan ortigʻi Rossiya, Qozogʻiston, Ozarbayjon, Gruziya, Moldaviya va Xitoyga eksport qilinadi.
Tashrif doirasida “Minskiy molochnыy zavod №1” OAJ bilan Toshkent viloyati qishloq xoʻjaligi boshqarmasi, Savdo-sanoat palatasi Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi va “Sharq agro” fermer xoʻjaligi oʻrtasida shartnoma imzolandi.
Shartnomada Toshkent viloyatida tashkil etiladigan qoʻshma korxona qurilish loyihasini ishlab chiqish, texnologik uskunalarni tanlovida ishtirok etish, boshlangʻich davrda malakali kadrlarni Oʻzbekistonga yuborib, ishlab chiqarishni tashkil qilish hamda oʻzbekistonlik mutaxassislarini “Minskiy molochnыy zavod №1” OAJda malaka oshirishlarini taʼminlash, “Minskiy molochnыy zavod №1” OAJ mahsulotlari brendidan foydalanish huquqini berish nazarda tutilgan.
Shuningdek, tashrif davomida delegatsiya aʼzolari Belarus Respublikasining “Agrokombinat Snov” qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish kooperativi faoliyati bilan ham tanishdi.
Bugungi kunda 2000 ishchi mehnat qilayotgan agrokombinatda chorvachilik va parrandachilik yoʻnalishidagi yirik klaster shakllangan boʻlib, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar toʻliq qayta ishlanadi hamda tayyor mahsulot sifatida isteʼmolchilarga yetkazib beriladi.
Muzokaralarda Toshkent viloyati qishloq xoʻjaligi boshqarmasi bilan “Agrokombinat Snov” oʻrtasida naslli chorva hayvonlarini yetkazib berish hamda Toshkent viloyatidagi yirik chorvachilik fermer xoʻjaliklari zootexnik va veterinar kabi mutaxassislarini malaka oshirishga yuborish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Oʻzbekistonning qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini Belarus Respublikasiga eksport qilishda katta imkoniyati mavjud. Tashrif doirasida “Belkoopsoyuz” isteʼmolchilar jamiyati bilan Toshkent viloyatida ishlab chiqarilayotgan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish yuzasidan ham muzokaralar olib borildi.
Maʼlumot oʻrnida, joriy yilning 2-4 oktyabr kunlari Belarus Respublikasining “Belvitunifarm” OAJ, “Belkoopsoyuz” isteʼmolchilar jamiyati vakillari Toshkent viloyatiga tashrif buyurib, qoʻshma korxona tashkil etish, meva-sabzavot mahsulotlari eksportini rivojlantirish kabi masalalar boʻyicha muzokaralar olib borgan.

 

Malohat Husanova, OʻzA