Oʻzbekiston xalq shoiri Jamol Kamol bilan suhbat:
– Maqolalaringizdan birida ziyolilarni jamiyat havosining ozon qatlamiga mengzagansiz. Bugun adabiyot ahlining hayotdagi oʻrni qanday?
– Dunyo har bir millatni, avvalo, uning olimu fuzalolari, shoiru udabolari, yaʼni adiblari orqali taniydi. Bobolarimiz ilmu adab, deb bekorga aytishmagan. Farzandlarni hamisha ilm olib, adab oʻrganishga undagan. Olamni bilish odamni bilish, Allohni bilish – ilm. Adab – odamiylikdir.
Mavlono Jaloliddin Rumiy demishlar:
Odamiyro odamiyat lozimast,
Gul agar xushboʻ naboshat, hezumast …
Yaʼni, odam farzandiga odamiylik lozim. Gulning atri boʻlmasa, u gul emas, xashak… Hamma narsa parvarishga muhtoj boʻlganidek, bu fazilatlar ham tarbiyaga muhtoj. Tarbiyachi kim? Tarbiyachi – adabiyot. Adabiyot nazmu nasr vositasida har lahza taʼkidlab turadi: “Hoy inson, Allohning yer yuzidagi xalifasi, sevimli bandasi, zoti sharifdirsan! Shu nomu maqomga munosib boʻl! Nazaringni baland tut, baloyi nafsga qul boʻlma! Soʻnggi borar joying Haq dargohi ekanini unutma!”
Adabiyot oʻqib, uni oʻrganib, shu xulosaga keldimki, dunyoda hamma fanlar bir taraf, adabiyot bir taraf. Hamma fanlar taningga xizmat qiladi, adabiyot esa joningga, ruhingga quvvat beradi. Taning tuproqdan, ruhing – Allohning dargohidan. “Ilhom” soʻzining tag-tagida “iloh” yotishini eslasak, manzara ayon boʻladi. Ilhom shoirga berilgan Allohning goʻzal neʼmatidir. Ilhomga yoʻgʻrilgan soʻz, adabiyot – ruhiyat, maʼnaviyat fani. Kelishgan qaddu qomating boʻlsayu shunga yarashiq ruhiyating, maʼnaviyating boʻlmasa, bahoying sariq chaqa. Adabiyot oʻqigan bilan oʻqimaganning farqi bor. Adabiyot oʻqiganlarda soʻz tuygʻusi, adolat tuygʻusi baland boʻladi. Yurish-turishi, soʻz-muomalasida koʻngil sofligi, samimiyat aks etib turadi. Demoqchimanki, yashasin adabiyot! Saviyasi baland, bayrogʻi yuksak, fikri teran, tasavvuri cheksiz, insonda insonni tarbiyalab, uni himoya qiladigan adabiyot. Millat adabiyoti bilan goʻzal, adabiyot haqiqati bilan. Adabiyot – haqiqat jarchisi, haqiqat – adabiyot bayrogʻi. Zamirida haqiqat qoni gupurib oqmagan adabiyot, adabiyot emas.
– Bugun qalam ahliga eʼtibor anchayin baland. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi uchun muhtasham bino, yozuvchilar uchun yangi shinam uy-joylar… Xullas, ijod qilish uchun barcha sharoit muhayyo. Shunday muhitda ijodkorlarimizdan yetuk, barkamol, hikmati asrlarga tatigulik asarlar kutishga haqlimizmi?
– Albatta, haqlimiz. Qulay sharoit boʻlishi, boʻlmasligidan qatʼi nazar, hamisha yetuk asarlar yaratilishini kutib, umidvor boʻlib yashaymiz. Unutmang, ustoz Oybek “Navoiy” romanini tanchada oʻtirib, kerosin lampa yorugʻida yozgan…
Ilhom Allohdan, deb bekorga aytmadim. Isteʼdod va gʻayrat qoʻshilgan joyda esa moʻʼjiza yuz beradi, uni adabiyot, deb atashadi. Shu oʻrinda afsus bilan aytishim kerakki, yosh ijodkorlarimizda yetarlicha shijoat, harakat koʻrmayapman. Ular jahon adabiyotini, ayniqsa, Sharq adabiyoti durdonalarini oʻqishi, taʼbir joiz boʻlsa, simirib ichishi kerak.
“Men Hazrati Ali devonini oʻqidim. Shayx Attorning “Mantiqut tayr” yoxud “Asrornoma”, Mavlono Rumiyning “Masnaviy”sini oʻqidim”, degan birorta yosh ijodkorni hali uchratmadim. Nega “Qush tili” olti yoshli Alisherni shunchalar maftun etgan? Nega “Asrornoma” oʻn ikki yoshli Jaloliddinni mahliyo qilgan? Nahotki, bu savollar yoshlarni qiziqtirmasa? Soʻrab koʻring-chi, ular Navoiyning necha gʻazalini yod bilishar ekan? Ayniqsa, Zulfiya mukofotini olayotgan yosh shoiralardan. Biladiganlari oz.
Ijod – mashaqqatli mehnat, uzluksiz oʻqish, izlanish, intilish demak. Bu mehnatni boʻyniga olganlar maqsadiga erishadi. Yengil-yelpi munosabatdan hech narsa chiqmaydi.
– Yoʻq, qoniqtirmaydi. Prezident Shavkat Mirziyoyev bir chiqishida qabul qilayotgan yangi qaror, farmon, qonunlarimiz jamiyatning quyi qatlamlarida yetarlicha ishlamayapti, deb kuyinib gapirganini eshitdim. Nega ishlamayapti? Sababi nima?
Sababki, oʻsha quyi qatlamlarda mahalliy amaldorlar ustidan oʻrnatilgan jamoatchilik nazorati hali-hamon sust. Ular hamon oʻsha-oʻsha, oʻzi xon, koʻlankasi maydon. Pora bilan qoʻlga tushgan amaldorlarni eshitayapmiz. Ularga jazo tayin, lekin hali ham koʻpchiligi porasini olib, yallo qilib yuribdi. Ularni xalq matbuot orqali nazorat qilishi kerak edi. Matbuot esa jonsiz.
Yaqinda bir fermer bilan gaplashib qoldim. “Bizni har yili turli gazetalarga majburan obuna qilishadi” dedi u xafa boʻlib.
– Siz oʻsha gazetalarni oʻqiysizmi?
– Yoʻq, oʻqimayman, asrab qoʻyaman, – dedi u.
– Nima uchun?
– Kuzda kushlar choʻqimasligi uchun uzumboshlarni oʻrayman.
Tasavvur qiling, bir gazetada qancha kishi ishlaydi, maosh oladi, qancha kuch, vaqt sarflanadi, qancha qogʻoz va boʻyoq deganlaridek… Alal-oqibat ular oʻqishga, deb chiqargan gazeta uzum oʻrashga yaraydi xolos.
Xoʻsh, nima qilish kerak? Hukumat yoki parlament organi boʻlmish gazetalar obunasiga bir oz qarashib, boshqa gazetalarga erk berish kerak. Toki ular aravasini oʻzi tortsin. Shunda musobaqa boʻladi. Xalq dardiga darmon boʻlgudek maqolalar bilan chiqa olgan gazetalar yashaydi, qolganlar maydonni tark etadi. Aytmoqchimanki, toʻrtinchi hokimiyat ishlashi kerak. Uch gʻildiragi ishlab, bir gʻildiragi ishlamasa, mashina yuradimi? Jamiyatimiz hozir ayni shu holatni boshdan kechirmoqda.
– Siz tajribali tarjimonsiz. Yaqinda Toshkentda oʻzbek mumtoz va zamonaviy adabiyotni xalqaro miqyosda oʻrganish va targʻib qilishga bagʻishlangan xalqaro anjuman boʻlib oʻtdi. Unda bugungi tarjimonlik maktabining ogʻriqli masalalari ham muhokama qilindi. Bu haqda sizning fikringiz qanday?
– Afsuski, oʻsha anjumanga meni taklif etishmadi. Hamon guruhbozlik, ayirmachilik, maydonkashlik goh-goh koʻzga tashlanib turadi. Holbuki, adabiyot ruhoniyat fani, yuksak soʻz sanʼati oʻlaroq, maydakashlikni koʻtarmaydi.
Tarjima – oliyjanob sanʼat, qudratli qurol, vosita. Ellarni ellarga, dillarni dillarga ulaydi. U orqali boshqa xalqlarning hayot sabogʻi, koʻngil tarjimasi bilan tanishamiz, ruhoniyatimizni boyitamiz.
Jahon adabiyotidan qilgan tarjimalarimni bir chekkadan tizsa, oʻttiz jildga yetadi. Mavlono Jaloliddin Rumiyning olti kitobdan iborat “Masnaviy”si, Shayx Fariduddin Attorning olti kitobi, Vilyam Shekspirning oʻn ikki dramasi, bir yuz ellik toʻrt soneti, Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiyning (“Foniy” turkumidagi) gʻazallar va qasidalardan iborat kitoblari, Shayx Mahmud Shabustariyning “Gulshani roz”, Radiy Fishning “Jalolidin Rumiy”, Sotim Ulugʻzodaning “Abulqosim Firdavsiy” romanlari, Qurʼoni karim maʼnolarining adabiy-nazmiy tarjimasi shular jumlasidandir.
Tarjimada faqat maʼno aniqligi va tiniqligi kifoya qilmaydi. Unda muallif ruhi ham aks etishi kerak. Bu satrlar, misralar va jumlalarning qanday jaranglashiga bogʻliq. Tarjimon muallif ruhini his etishi, uni yuragidan oʻtkazib, qogʻozga tushirishi lozim.
– Shu kunlarda nimalar bilan mashgʻulsiz?
– Ozarbayjon Respublikasi elchixonasi Madaniyat markazining taklifi va yor-doʻstlarning tashviqoti bilan ogʻir yukni yelkamga oldim. Bundan uch yil avval Shayx Nizomiy Ganjaviy “Xamsa”si tarjimasiga kirishdim. Jami besh doston, olti kitob. Bugunga kelib, “Maxzanul asror”, “Layli va Majnun”, “Iqbolnoma” nashr etildi. “Sharafnoma” chop etilmoqda. “Xusrav va Shirin” bosmaga tayyor. “Haft paykar”, yaʼni “Yetti goʻzal” tarjimasini yaqinda tugatdim.
Bilasiz, Shayx Nizomiy Ganjaviyning “Xamsa”si Sharq adabiyotida xamsachilikni boshlab bergan asar. “Ummul xamsa” degan shuhrati bor, yaʼni “Xamsa”lar onasi”. Buyuk bobomiz Alisher Navoiy “Xamsa”si ham ana shu kitobga payrov qilib yaratilgan. Hazratning oʻzlari buni alohida taʼkidlaganlar:
Emas oson bu maydon ichra turmoq,
Nizomiy panjasiga panja urmoq.
Kerak sher hamlasiga sher jangi,
Agar sher boʻlmasa, bori palangi.
Shunday asar tarjimasi menga nasib etgani uchun Xudoyimga shukronalar aytaman…
– Ustoz, suhbatimiz yakunida yangi sheʼrlaringizdan taqdim etsangiz.
– Marhamat:
MЕN SHUKRULLO DЕSAM…
Bir ulfatim tutdi savolga meni:
Izhor aylamoqqa, ana, keldi payt,
Shukrullo deganda koʻrasan kimni?
Bir soʻz bilan uning taʼrifini ayt…
Hay, oson emishmi? Judayam mushkul,
Bir soʻz bilan buni qandoq aytaman?
Bir asrga yaqin shoir umri ul,
Qara, qayga borib, qaydan qaytaman…
Men Shukrullo desam har safar, illo,
Bir inson boʻy choʻzar qarshimda buyuk.
Haq soʻzini doim aytguvchi burro,
Eliga ardoqli, xalqiga suyuk.
Men Shukrullo desam, osonmas menga,
Yuragim tirnalib, bagʻrim qonlanar.
Zamonlar koʻrinar burkanib tunga,
Mustabid tuzumning turqi jonlanar.
Men Shukrullo desam, yodimga shu dam
Toptalgan elimning faryodi kelur.
Har oʻn yilda bir bor boshi kesilgan
Xalqimning munavvar avlodi kelur.
Men Shukrullo desam, jonim uvushar,
Fitratu Qodiriy, Choʻlponlar hamon,
Usmon Nosir, Elbek yodimga tushar,
Botu avaxtada chekadi figʻon…
Men Shukrullo desam, koʻrinar albat
Horib, hansiragan, tani jiqqa ter,
Olis Magadanda chekib mashaqqat,
Qorniga tosh boylab, gʻaltak surgan er!
Men Shukrullo desam, tasavvur aro
Bir siymo koʻrinar metin bardoshli.
Elim, vatanim deb koʻksida yaro,
Kulsa, yigʻlasa ham koʻzlari yoshli.
Men Shukrullo desam, koʻraman shaksiz,
Yarqirab saf chekar necha kitoblar.
Istiqlol nashʼasi ila yoniq soʻz,
Yuksak minbarlardan uchgan xitoblar…
Men Shukrullo desam, mehrim joʻsh urib,
Qalbimda gʻururim boʻlur ziyoda.
Bir yurak qarshimda yonar gupirib,
Yulduzdek charaqlab turar iroda.
Oʻqib shoirimiz qismat nomasin,
Joizdir har safar, yo Olloh, demak.
Jam etib shodligu gʻami hammasin
Bir soʻz bilan aytsak, Shukrullo demak!..
YOLGʻON GAPIRMASLIK
Malayziyaliklardan soʻrashibdi: “Taraqqiyotga qanday erishdingiz?”
Ular javob berishibdi: “Biz yolgʻondan voz kechdik…”
Basharning dardiga boʻlgay davo yolgʻon gapirmaslik,
Azaldin bandaga amri Xudo yolgʻon gapirmaslik.
Saharlar, odamiyga ne najot deb sen falakdin soʻr,
Kelur avji falakdin bir nido: yolgʻon gapirmaslik!
Kishiga avvalin husnu sharaf ne, tinglasang, aytay,
Anga husnu sharafdir avvalo yolgʻon gapirmaslik.
Oʻqi, ming bir kitob ichra, ilohiy har xitob ichra,
Buyurmish anbiyovu avliyo yolgʻon gapirmaslik.
Hayoting boʻlsa beravnaq, zamona boʻlsa beshafqat,
Alamga choradir, ey benavo, yolgʻon gapirmaslik.
Eshik ortidami poying, baland minbardami joying,
Shior et, ey gado, ey podsho, yolgʻon gapirmaslik.
Bitar koʻngilda armonlar, yashar osuda insonlar,
Muyassar boʻlsa gar olam aro yolgʻon gapirmaslik.
Jamolga haq jamolingdin, berib rostu halolingdin,
Nasib etgil anga, ey Rabbano, yolgʻon garimaslik!
HAQIQAT, MЕN SЕNI SЕVDIM …
Haqiqat, men seni sevdim,
kelur sendin saodatlar,
Agarchi gohi sevmaslar,
boʻlakdir bizda odatlar.
Haqiqat, men seni sevdim,
oʻzing masjidu mehrobim,
Sening poyingda qilgaymen
duo birlan ibodatlar…
Haqiqat, men seni sevdim,
koʻngil oftobni sevmasmu,
Quyoshga oshiq ermasmu,
sahar bong ursa soatlar?
Haqiqat, men seni sevdim,
yoʻlimda boʻlmasang paydo,
Qani jonimga rohatlar,
qani jismimga toqatlar?
Haqiqat, men seni sevdim,
munofiqlarni sevmasman,
Ulardan kutganim har dam
malomatlar, malomatlar.
Haqiqat, men seni sevdim,
birovlar sevsalar mendek,
ochilgaydi saxovatlar,
koʻmilgaydi adovatlar.
Haqiqat, men seni sevdim,
sening bagʻringda jo ermish
Buyuklardan – buyuklarga
nasib etgan omonatlar.
Haqiqat, men seni sevdim,
agarchi maskaning osmon,
Seni tuproqqa qorgaydir
ihonatlar, xiyonatlar.
Haqiqat, men seni sevdim,
xiyonatpeshalar sevmas,
Ular koʻp, sen esang tanho,
tilarman senga omadlar…
Haqiqat, men seni sevdim,
basharga qayda bor sensiz
Bu dunyoda diyonatlar,
u dunyoda ijobatlar?
Haqiqat, men seni sevdim,
seni xor aylasa millat,
Quyundek boshi uzra aylanur
har kun qabohatlar…
Haqiqat, men seni sevdim,
oʻzing Rabbimsan, Ollohim,
Seni derman, seni, gar kelsa
boshimga qiyomatlar.
Haqiqat, men seni sevdim…