“Tanka” tanho film boʻlib qoladimi?

“Oʻzbekfilm” kinostudiyasining texnik yordami bilan bundan 16 yil avval suratga olingan Qoraqalpogʻiston xalq yozuvchisi, kinossenarist Muratbay Nizanov muallifligidagi “Tanka” komediyasining milliy qoraqalpoq kinosanʼatida alohida oʻrin egallaganini taʼkidlab oʻtish oʻrinli.

Badiiy film oʻzbek tiliga dublyaj qilinganidan soʻng, u faqat qoraqalpoq xalqining emas, balki butun Oʻzbekiston kinoixlosmandlarini takror-takror tomosha qilishga chorlaydigan bayramona ekran asariga aylandi. Boisi, hayotimizda uchraydigan kulguli voqealarga boy, tomoshabinlarga bir dunyo zavq bagʻishlaydigan asarning tarbiyaviy ahamiyati ham yuqori sanaladi. “Tanka” M.Nizanov qalamiga mansub yagona film emas. “Kurort”, “Oʻgʻri”, “Qoʻshnilar” kabi filmlari tomoshabinlarning sevib tomosha qiladigan filmlar qatoridan joy oldi.

Lekin, M.Nizanovning ushbu mashhur filmlaridan, xususan, “Tanka” asaridan soʻng qoraqalpoq kinoindustriyasida tomoshabinlar koʻngilidan joy oladigan yaxshi asarlar koʻrinmay qolganligi haqiqat. Qoraqalpoq badiiy kinosanʼati nima uchun inqirozga yuz tutdi? “Tanka” nima uchun tanho film boʻlib qoldi? Shu va sohadagi boshqa masalalar yuzasidan satirik yozuvchi, kinossenarist Muratbay Nizanovni suhbatga tortdik.

Muratbay Nizanov:

–“Qaraqalpaqfilm” kinostudiyasi 1970-yili tashkil qilingan boʻlib, u qariyb oʻttiz yil hujjatli filmlar studiyasi shaklida faoliyat koʻrsatib kelgan. Ikki minginchi yillarga kelib u badiiy va multiplikatsion filmlar, bolalar hayotiga muljallangan yumoristik jurnallar yaratadigan koʻp qirrali studiyaga aylandi.

Ayniqsa, 2002-yili “Oʻzbekfilm” kinostudiyasi bilan hamkorlikda “Tanka” filmi yaratilgandan soʻng studiya mashhurlikka qarab ilk qadam quydi. Mana, oʻn olti yildirki, film hamon teleekranlarda namoyish qilib kelinmoqda. Shu oʻrinda savol tugʻiladi: nima uchun qoraqalpoq kinochilari bitta yaxshi film yaratti-yu, kegin jimib qoldi? “Tanka” tanho film boʻlib qoladimi?

Yoʻq, albatta! “Tanka”ning izbosarlari bor edi. Faqat u filmlar oʻzbek tiliga dublyaj qilinmadi va telekanallardan namoyish etilmadi.

Agar, shu kunlarda (biroz kechikib boʻlsa-da) “Kurort” filmi oʻzbekchaga dublyaj qilinib, teledasturlarda koʻrsatilganida edi, “E, “tanka”ning izidan yana bir ajoyib film paydo boʻlibdi-ku” degan duv-duv gap paydo boʻlardi. Men bunga ishonaman.

Men 2003-2013-yillarda qoraqalpoq kinosiga rahbarlik qildim. Oʻsha oʻn yil ichida 8ta badiiy film, 10ta bolalar uchun yumoristik jurnal, toʻrtta animatsion filmlar yaratildi. Hujjatli filmlarning sanogʻini bilmayman.

Negadir keyinga paytda studiya sust ishlayapti. 2013 yildan buyon qoraqalpoq tilida bironta film yaratilmadi. “Oʻzbekkino” milliy agentligi tomonidan studiyaga nisbatan ishonch ham yoʻqolib boryapti. Qanaqadir badiiy film bermoqchi boʻlsa, Toshkentdan rejissyor tayinlab qoʻyayapti! Toʻgʻri, oʻzbek kinosi koʻp yillik tarixga ega. Tajribali, talantli rejisserlar ham koʻpdir. Ammo, hech kim qoraqalpoq xalqining mentalitetini, anʼanalarini, yashash tarzini oʻzimizdikalardek yetuk bilmaydi-da!

XVII-XVIII asrlarda yashab oʻtgan qoraqalpoq xalqining buyuk ajdodlari Maman biy, Aydos biy, ulugʻ mutafakkir shoirlar Ajiniyaz, Berdaqlar haqida zoʻr filmlar yaratsa boʻladi.

Ayniqsa, qoraqalpoq xalq eposi “Qыrq qыz” (Qirq qiz) toʻgʻrisida bitta film yaratilsa, uning bosh qahramoni, sarkarda Gulayim obrazi jahonga mashhur “Kleopatra”dan kam boʻlmasdi.

Xullas, aynan ishlaydigan vaqt keldi, yaratadigan davr keldi. Bunga endi faqat ishtiyoq kerak!

 

Ye.Qanoatov, OʻzA